Logo

"Wirtgen" kompaniyasi vakillari ishtirokida seminar

6862 29-Oktyabr, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 15 Kb)


"O'zavtoyo'l" DAKda Germaniyaning "Wirtgen International GmbH" kompaniyasi vakillari ishtirokida seminar bo'lib o'tdi. Mazkur seminardan ko'zlangan asosiy maqsad - avtomobil yo'llarini qurish va saqlash ishlarida qo'llaniladigan zamonaviy innovatsion texnologiyalar va uskunalar bilan tanishish hamda kompaniya tizimida mehnat qilayotgan yo'lsozlar va ularning nemis hamkasblari o'rtasida yo'lga qo'yilgan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iboratdir.

Ma'lumot o'rnida shuni aytish lozimki, "Wirtgen International GmbH" kompaniyasi – mashinasozlik sanoatida faoliyat olib boradigan xalqaro "Wirtgen Group" kompaniyalar guruhining tarkibiy qismi hisoblanib, uning 2014 yildagi umumiy mablag' aylanmasi 2,01 milliard yevroni tashkil etgan. Xalqaro "Wirtgen Group" kompaniyalar guruhiga  bundan tashqari "Vogele", "Hamm", "Kleemann" va "Benninghoven" kabi yirik kompaniyalar ham a'zo. Ularning bosh ofisi Germaniyada, qo'shimcha ishlab chiqarish markazlari esa Braziliy, Xitoy va Hindistonda joylashgan.

Zavodlardagi yo'l qurilishiga ixtisoslashgan mashinalarni loyihalashtirishdan torib, ularni yig'ish hamda sifatini tekshirish - korxonalarning o'zida o'rnatilgan maxsus texnik tizimlar yordamida nazorat qilinadi va bunda jahon standartlaridagi zamonaviy sifatga alohida urg'u qaratiladi.

Bo'lib o'tgan seminar davomida "Wirtgen International GmbH" kompaniyasi vakillari tomonidan yangi texnologiya va innovatsion loyihalar asosida tsement-beton qorishmasini tayyorlash va yotqizish, asfalt-beton qorishmasini mustahkamlash, resayklerlardan foydalanish kabi mavzularda ma'ruzalar qilindi. Shuningdek, kompaniyaning yangilangan mahsulotlar tizimi haqidagi ko'rgazmali namoyishlar tashkil etildi.

Seminar yakunlari bo'yicha o'zbek va nemis kompaniyalari rahbariyati o'rtasida bo'lib o'tgan uchrashuvda tomonlar yo'l qurilishi borasidagi kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, O'zbekistonda hozirgidek foydali tadbirlarni tashkil etish, bundan tashqari o'zbek yo'lsozlarini Germaniyaga tajriba almashish uchun yo'llash, yo'l sanoati rivojlangan bu mamlakatdagi asfal-beton va tsement-beton asosga ega bo'lgan avtomobil yo'llarini qurish va saqlash borasida yo'lga qo'yilgan an'analarni o'rganish masalalari bo'yicha bundan buyon ham muzokaralar o'tkazishga tayyor ekanliklarini ma'lum qilishdi.

"O'zavtoyo'l" DAK matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali