Logo

Respublika maxsus komissiyasi axboroti

3937 2-Aprel, 2020 Chop etish Yuklab olish (PDF 20 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning topshirig'iga muvofiq, koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo'yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash hamda virusni yuqtirib olgan bemorlar salomatligini tiklash yuzasidan zarur vazifalar amalga oshirilmoqda.

Bunda Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti va koronavirusga qarshi kurashishda tajribaga ega mamlakatlar (Xitoy, Janubiy Koreya) mutaxassislarining tavsiya va maslahatlariga qat'iy amal qilinmoqda. Aholi, ayniqsa yoshi ulug' insonlarni ushbu epidemiyadan ishonchli himoya qilish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilinib, muayyan tartiblar o'rnatilmoqda.

Xususan, joriy yilning 1 aprelidan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida "o'zini yakkalash" (samo izolyatsiya) hayot tarzi joriy etiladi. 65 yoshdan yuqori bo'lgan fuqarolarga uyidan tashqariga chiqish qat'iyan man etiladi. Zarurat bo'lgan taqdirdagina yaqin atrofdagi dorixona, oziq-ovqat va birinchi galdagi tovarlar do'koniga chiqishga ruxsat etiladi.

Koronavirus infektsiyasiga qarshi kurash fonida ko'plab yurtdoshlarimiz va qator jamoat tashkilotlari shaxsiy tashabbus ko'rsatib, turli xayriya aktsiyalarini uyushtirmoqda. Ehtiyojmand oilalar, yolg'iz keksalar, nogironligi bo'lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlamiga muayyan turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Jamiyatning birdamligi ortib, fuqarolarning bir-biriga mehr-oqibat va muruvvat ko'rsatayotgani quvonarli hol.

Lekin mutaxassislarning fikriga ko'ra, bu turdagi aktsiyalar davomida COVID-19 virusining yanada keng tarqalish xavfi juda yuqori. Bundan tashqari, butun dunyo bo'yicha ushbu infektsiyani yuqtirib vafot etayotganlar orasida asosan yoshi ulug' insonlar ko'pchilikni tashkil etadi.

Mamlakatdagi epidemiologik holatni inobatga olib aytish mumkinki, sanitariya-gigiena qoidalari va karantin talablarini chetlab o'tib, yakka tartibda xayriya tadbirlarini amalga oshirish aholi, ayniqsa nuroniylar hayotini jiddiy xavf ostiga qo'yadi.

Mazkur jarayonda yakka tartibdagi xayriya aktsiyalarini joriy yilning 1 aprelidan e'tiboran vaqtincha to'xtatish maqsadga muvofiqdir.

Soha mutaxassislarining fikrlari, savobtalab va sahovatpesha insonlardan kelib tushgan murojaatlar hamda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil etilgani inobatga olinib, ehtiyojmand kishilarga xayriya yordamlarini manzilli yetkazilishida ko'maklashish uchun bunday tadbirlar quyidagi markazlashgan tartibda amalga oshiriladi:

– Toshkent shahrida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi O'zekspomarkaz Milliy ko'rgazma majmuasi tarkibidagi pavilonda tashkil etiladi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida shunday mexanizm joriy etiladi;

– Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo'limlari joylardagi ehtiyojmand oilalar, yolg'iz keksalar, nogironligi bo'lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami haqidagi ma'lumotni hududiy tegishliligi bo'yicha Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga taqdim etadi;

– jismoniy va yuridik shaxslarning beg'araz yordamlari Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali santitar-gigienik talablarga muvofiqligi ko'rikdan o'tkazilib, karantin talablariga qat'iy rioya etilgan holda (maxsus kiyim bosh va shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlangan holda) ehtiyojmandlarga yetkazib beriladi;

– aholining yordamga muhtoj qatlamiga xayriya yordamlarini shaxsan yetkazish istagida bo'lgan nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari hamda sahovatpesha insonlar va ko'ngilli (volontyor) lar ushbu xayriya tadbirlarida yaqindan hamkorlik qilish va jarayonda qatnashishga taklif etiladi;

– ehtiyojmand oilalarga berilgan xayriya yordamlari haqidagi ma'lumotlar jamoatchilikka muntazam yetkazib boriladi.

Pul ko'rinishidagi mablag'larni "O'zbekiston mehr-shafqat va salomatlik" jamoat fondiga o'tkazish tavsiya qilinadi.

Ushbu tartibga qat'iy amal qilinishi talab etiladi.

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali