Logo

O'zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti bo'lib o'tdi

1915 22-Dekabr, 2020 Chop etish Yuklab olish (PDF 20 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.


Suhbat avvalida Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbarini mamlakatimiz MDHga samarali raislik qilgani va Hamdo'stlik sammitini muvaffaqiyatli o'tkazgani bilan samimiy tabrikladi.

Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli holatlar kuchayishi va koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog'liq murakkab sharoitda O'zbekiston Hamdo'stlikka raislik konsepsiyasini to'liq ro'yobga chiqarishga hamda ko'p tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo'yicha muhim tashabbuslarni amalga oshirishga muvaffaq bo'lgani alohida ta'kidlandi.

Prezidentlar ikki mamlakat o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Pandemiya oqibatlariga qaramay, savdo aloqalari rivojlanmoqda, iqtisodiyot tarmoqlarida, energetika, transport va logistika sohalarida o'zaro manfaatli hamkorlik chuqurlashib, gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

Davlat rahbarlari sanoat kooperatsiyasi bo'yicha yangi loyihalarni ilgari surish uchun Hukumatlararo qo'shma komissiya ishini faollashtirish lozimligini ta'kidladilar.

Madaniyat, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalaridagi faol muloqotlarni davom ettirishga, bunda ikki xalq taniqli san'at va fan arboblarining keng ishtirokida mamlakatlarimizda qo'shma tadbir va forumlar tashkil etishga alohida e'tibor qaratildi.

 Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentining Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida yuqori darajadagi Ashxobod konferensiyasini o'tkazish tashabbusini qo'llab-quvvatladi. Bo'lajak tadbirda O'zbekiston Respublikasining delegatsiyasi ishtirok etishi to'g'risida kelishuvga erishildi.

Suhbat yakunida Prezidentlar kirib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birlarini samimiy qutlab, mamlakatlarimizning qardosh xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

president.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali