Logo

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to'rtinchi yalpi majlisi to'g'risida axborot

8020 5-Dekabr, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 32 Kb)


2015 yil 3 dekabr kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to'rtinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar. 

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N.Yo'ldoshev olib bordi. 

Senatorlar o'z ishlarini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 23-bandiga muvofiq parlament yuqori palatasiga kiritilgan"O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya to'g'risida"gi masalani ko'rib chiqishdan boshladilar. 

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining "O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya to'g'risida"gi qarori qabul qilindi. Qarorda ayollarni, voyaga yetmaganlarni, 60 yoshdan oshgan erkaklarni, chet davlatlarning fuqarolarini, shuningdek, fuqarolarning bir qator boshqa toifalarini jazodan ozod etish nazarda tutildi. Shuningdek, amnistiya to'g'risidagi qarorning amal qilishi tatbiq etilmaydigan shaxslar toifalari ham belgilab berildi. 

Shundan so'ng senatorlar O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini, davlat maqsadli jamg'armalarining byudjetlarini hamda 2016 yilga mo'ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo'nalishlarini ko'rib chiqdilar. 

Byudjet-soliq siyosatining asosiy yo'nalishlari, shuningdek, kelgusi yilning asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlari yalpi ichki mahsulotni 7,8 foizga oshirishni nazarda tutadi. 

Shuningdek, 2016 yilda iqtisodiy o'sishning yuqori ko'rsatkichlari faol investitsiya siyosatini yuritish hisobiga ham ta'minlanadi. Jumladan, 2016 yilda barcha kapital qo'yilmalar hajmini 9,6 foizga oshirishni ta'minlash nazarda tutilmoqda, shuningdek, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjeti mablag'lari hisobidan jami 4,5 trillion so'm yoki yalpi ichki mahsulotning 2,1 foizi ajratilishi mo'ljallanmoqda. 

Senatorlar O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini, davlat maqsadli jamg'armalarining byudjetlarini hamda 2016 yilga mo'ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo'nalishlarini tasdiqladilar. 

Shundan so'ng "Soliq va byudjet siyosatining 2016 yilga mo'ljallangan asosiy yo'nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonuni ko'rib chiqildi. Yalpi majlis ishtirokchilarining fikricha, ushbu qonunning amalga oshirilishi 2016 yil uchun qabul qilingan soliq siyosati asosiy yo'nalishlarining ijro etilishi uchun normativ-huquqiy asos yaratadi hamda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining samarali amalga oshirilishini ta'minlaydi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. 

Yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 2016 yilda ish o'rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi ham ko'rib chiqildi hamda ma'qullandi. Dastur parametrlari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining hukumat majlisidagi 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2015 yildagi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlangan ma'ruzasida belgilab berilgan vazifalar asosida ishlab chiqilganligi qayd etildi. 

Senatorlar "Elektron hukumat to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunini ko'rib chiqdilar. Ushbu huquqiy hujjat davlat organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, aholiga, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan (AKT) keng foydalanish orqali davlat xizmatlarini ko'rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilganligi ta'kidlandi. 

Shundan so'ng senatorlar "O'zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini tasdiqlash to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunini ko'rib chiqdilar. 

Shundan so'ng "O'zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o'z kuchini yo'qotgan deb topish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonuni ko'rib chiqildi. Ushbu normativ-huquqiy hujjat bilan "Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to'g'risida"gi,"Energiyadan oqilona foydalanish to'g'risida"gi, "Tashqi iqtisodiy faoliyat to'g'risida"gi qonunlarga, O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga, bir qator boshqa qonun hujjatlariga tegishli o'zgartishlar kiritildi. 

2015 yil 4 dekabr kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to'rtinchi yalpi majlisi o'z ishini davom ettirdi. 

Yalpi majlisning ikkinchi kunini senatorlar "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunini ko'rib chiqishdan boshladilar. 

Majlis davomida korporativ boshqaruv sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga kiritilgan o'zgartish va qo'shimchalar ko'rib chiqildi. 2015 yil 24 aprel kuni "Aktsiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilinganligi munosabati bilan "Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi, "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida"gi, "Sug'urta faoliyati to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Mazkur o'zgartish va qo'shimchalar aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, potentsial investorlar uchun ularning ochiqligi va jalb etuvchanligini ta'minlash, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, mamlakatimiz iqtisodiyotiga to'g'ridan-to'g'ri chet el investitsiyalarini keng jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan. 

Shundan so'ng senatorlar "Veterinariya to'g'risida"gi (yangi tahriri) O'zbekiston Respublikasi qonunini ko'rib chiqdilar. Majlisda ta'kidlanganidek, ushbu normativ-huquqiy hujjat mamlakatimizda veterinariya xizmatini yanada rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlarini aniq mustahkamlab berdi. 

Qonunda davlat veterinariya xizmati, profilaktika, diagnostika va davolash tadbirlari, veterinariya nazorati hamda hayvonlarning kasalga chalinishining, respublika hududiga boshqa davlatlardan ularning yuqumli kasalliklari olib kirilishining oldini olishga qaratilgan boshqa ishlarning samaradorligini ta'minlash bo'yicha Vazirlar Mahkamasining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining vakolatlari belgilab berildi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. 

Senatorlar "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to'g'risida"gi (yangi tahriri) O'zbekiston Respublikasi qonunini ko'rib chiqdilar. 

Majlisda ta'kidlanganidek, mazkur qonunning maqsadi dori vositalari aylanishi va farmatsevtika faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan, aholini sifatli, xavfsiz dori vositalari, dori-darmonlar bilan ta'minlashning huquqiy kafolatlarini kuchaytirishdan iborat. 

Shundan so'ng senatorlar O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlarining huquq hamda qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar to'g'risidagi hisobotini tingladilar. 

Senatorlar O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlarining huquq hamda qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar to'g'risidagi hisobotini tasdiqladilar. 

Shundan so'ng senatorlar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oliy sudi tarkibiga o'zgartishlar kiritish to'g'risidagi masalalarni, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ko'rib chiqdilar. 

Ko'rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi. 

Shu bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to'rtinchi yalpi majlisi o'z ishini yakunladi. 

O'zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali