Logo

Muhim infratuzilma loyihalari ko'rib chiqildi

147 11-Yanvar, 2022 Chop etish Yuklab olish (PDF 23 Kb)


Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-yanvar kuni qurilish, yo'l infratuzilmasini yaxshilash va tabiiy gaz ta'minotiga oid loyihalar bilan tanishdi.


Toshkent viloyatida savdo va servisni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. Shu bois avtomobil yo'llarini kengaytirib, yo'l bo'yi xizmatlarini ko'paytirish bo'yicha ko'plab loyihalar ishlab chiqilmoqda.

"Toshkent-Chinoz" avtomobil yo'lini ta'mirlash loyihasi ulardan biri. Ma'lumki, bu yo'l juda serqatnov bo'lib, bir kecha-kunduzda 60-65 ming avtotransport harakatlanadi. Shu bois uning 10 kilometr qismini ta'mirlash, 5 dona yerosti o'tish yo'lagi va qo'shimcha mahalliy yo'llar qurish mo'ljallangan.

Poytaxtimizdagi Temur Malik ko'chasini 6 tasmali etib kengaytirish, uning ikki chetida ko'p qavatli uy va xizmat ko'rsatish binolari qurish, Jizzax shahridagi O'zbekiston ko'chasida 210 metrli yo'l o'tkazgich barpo etish bo'yicha ham loyihalar rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu loyihalarni ma'qullab, ularning hujjatlarini ishlab chiqish, sifatli qilib qurish bo'yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Taqdimotda tabiiy gaz yetkazib berish tizimida xususiy sheriklikni joriy etishga doir takliflar ham ko'rib chiqildi.

Bu tizimni modernizatsiya qilish juda dolzarb. Chunki yurtimizdagi gaz quvurlarining yarmidan ko'pi – 45 ming kilometri o'ttiz yildan ortiq ishlatilmoqda. Oqibatda yo'qotishlar miqdori 20 foizdan oshib ketayapti.

Xususan, bugungi kunda Jizzax shahar gaz ta'minoti tizimida 767 kilometr quvur, 6 ta gaz taqsimlash stansiyasi, 1 ming 600 dan ziyod gaz taqsimlash punkti bor. Ushbu tizimni xalqaro standartlar asosida va to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar jalb qilish orqali modernizatsiya qilish bo'yicha loyiha ishlab chiqilgan.

Texnik ustuvor yechimlardan foydalanib amalga oshiriladigan loyiha doirasida eski gaz quvurlari olib tashlanib, 1 ming 500 kilometrdan ziyod yangi quvurlar tortilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, gaz taqsimlash stansiyalari soni 6 tadan 2 tagacha qisqartirilib, 3 bosqichli tizimdan 2 bosqichli tizimga o'tiladi. Natijada hozirgi  holatdagi 115 million kub metr yo'qotishlar bartaraf etiladi.

Prezidentimiz bu loyihaning samaradorligiga alohida ahamiyat qaratib, uni tezlashtirish zarurligini ta'kidladi. Shuningdek, bunday tizimni bir paytning o'zida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda ham amalga oshirish vazifasi qo'yildi. Bu ishlar gaz taqsimlash va hisob-kitobni tartibga solib, uning xalqimizga barqaror va to'la yetib borishiga xizmat qiladi.

president.uz 

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali