Logo

Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi

3930 18-Avgust, 2020 Chop etish Yuklab olish (PDF 26 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-avgust kuni xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Taʼkidlash joizki, ushbu masala Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba bunday formatda muhokama qilinmoqda.

Mamlakatimizda har yili 600-700 ming aholi mehnat bozoriga kirib keladi. Iqtisodiyot tarmoqlarini va hududlarni rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar natijasida yiliga 500 minggacha ish oʻrni yaratilmoqda. Shuning uchun, qariyb 200 ming kishining bandligini tashqi mehnat migratsiyasi orqali taʼminlashga toʻgʻri kelmoqda. Bu tabiiy jarayon, barcha rivojlanayotgan davlatlar shunday bosqichdan oʻtgan. Qayerda mehnat migratsiyasi toʻgʻri tashkil etilgan boʻlsa, bandlik, oilalar daromadi, malakali mutaxassislar koʻpaygan.

Keyingi yillarda xorijdagi vatandoshlarimizning huquqlarini himoya qilish, sharoitlarini yaxshilashga eʼtibor kuchaydi. Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan mehnat migratsiyasi borasida xalqaro shartnomalar imzolandi. Chet ellarda ishlayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash uchun alohida jamgʻarma tashkil etilib, 100 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi. Shu bilan birga, tashqi mehnat migratsiya masalalari boʻyicha Bosh vazir maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Shunga qaramay, yechimini kutayotgan muammolar hali koʻp.

Yigʻilishda xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qoʻllab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda hokimliklarga chet eldan qaytgan fuqarolarga kasbi, malakasi va rejasidan kelib chiqib, ish topishiga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Xorijda oʻzbekistonliklar munosib sharoitlarda mehnat qilishi uchun yirik ish beruvchi kompaniyalar bilan aloqalarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Buning uchun, avvalo, oʻsha korxonalar talabiga mos malakaga ega va til biladigan mutaxassislar tayyorlash zarur.

Shu bois bu borada yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Yaʼni, hududlardagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi filiallarining vakolatlari kengaytirilib, ularga xorijiy ish beruvchilar bilan bevosita shartnoma tuzish, migratsiya xizmatlari bilan muzokaralar oʻtkazish huquqi beriladi. Bu filiallar rahbarlari viloyat hokimining yordamchisi hisoblanadi.

Mutasaddilarga xorijiy davlatlardagi yirik ish beruvchilar bilan muzokara oʻtkazib, ishchi va mutaxassislar yuborishni koʻpaytirish, mehnat migrantlariga yoʻl haqi, patent va sugʻurta xarajatlari uchun 10 million soʻmgacha past stavkada kreditlar ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11-avgustda qabul qilingan qarorida aholini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga oʻqitish chora-tadbirlari belgilangan edi. Yigʻilishda mazkur qarorning amaliy jihatlariga toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, chet elda ishlashni istagan fuqarolarning malakasini oshirish, buning uchun kasb-hunarga oʻqitish markazlari, maxsus kurslar va mono-markazlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Bu maskanlardagi oʻquv dasturlari, malaka koʻnikmalarini xorijiy ish beruvchilarning talabiga moslashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Mehnat migrantlari hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash uchun Xorijdagi fuqarolarni himoya qilish jamgʻarmasidan mablagʻ ajratish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Shuningdek, chet ellardagi mehnat migratsiyasiga oid tartib-taomillarni fuqarolarimiz uchun yengillashtirish, yurtdoshlarimiz koʻp ishlaydigan shaharlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalarini ochish boʻyicha topshiriqlar berildi. Xorijdagi fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, bu boʻyicha onlayn platforma va "kol-markaz" tashkil etib, malakali advokatlarni jalb qilish vazifalari qoʻyildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz elchixonalari oʻzga davlatlardagi vatandoshlarimiz diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlashi lozimligini alohida taʼkidladi. Yurtparvarlik, mehr-oqibat hissi bilan xorijdagi fuqarolarimizga yordam berib kelayotgan shaxslarni eʼtirof etish, davlat mukofotlari bilan taqdirlash boʻyicha takliflar bildirildi.

Chet elda mehnat qilayotganlarni vatani bilan bogʻlab turadigan eng katta vosita madaniyat ekanini inobatga olib, ular uchun shunday tadbirlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, televideniyeda Oʻzbekiston elchixonalari va konsulliklarining xalq xizmatidagi faoliyatini keng yoritib borish tavsiya etildi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga hokimliklar bilan birga xorijga ishlashga ketgan yurtdoshlarning oilasidan doimiy xabar olib, ota-onasining sogʻligʻi, farzandlarining oʻqishi va boshqa ehtiyojlariga koʻmaklashish vazifasi qoʻyildi.

Xorijda ishlab, malaka orttirib qaytgan fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash zarurligi taʼkidlandi. Shu maqsadda ular bilan manzilli ishlaydigan, moliyaviy qoʻllab-quvvatlaydigan tizim yaratilishi belgilandi.

Buning uchun sektor rahbarlari, mehnat va mahalla idoralari vakillari oʻz hududidagi shunday tashabbuskorlar roʻyxatini shakllantirib, ularning biznes loyihasi bilan tanishadi. Roʻyxatdan oʻtishga koʻmaklashib, 3 oygacha ijara toʻlovlari boʻyicha subsidiya beriladi. Shuningdek, tadbirkorlikni boshlash uchun kredit resurslari ajratiladi hamda bank kreditlari taʼminoti boʻyicha sugʻurta polisi xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Bu maqsadlarga Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan yil yakuniga qadar 25 milliard soʻm, kreditlar uchun 100 milliard soʻm ajratiladi.

Yana bir masala – xorijda ishlayotgan fuqarolarning mehnat stajini hisobga olish tizimida atigi 4,5 ming nafar kishi roʻyxatga olingan. Shu bois mutasaddilarga oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni roʻyxatga olish va mehnat stajini hisoblash tizimini migrantlar uchun ham tatbiq etish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Bosh vazir oʻrinbosarlariga tashkillashgan migratsiya boʻyicha iqtisodiy, moliyaviy va tashkiliy-huquqiy koʻmak tizimini joriy etish yuzasidan alohida dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Unda mamlakatimizda kasb va tilga oʻrgatish, xorijda ishlash koʻnikmalarini shakllantirish, yoʻlkira, patent, sugʻurta, pensiya va kredit masalalari qamrab olinadi. Shuningdek, hukumatlararo komissiyalar doirasida xorijdagi yurtdoshlarimizga munosib sharoit yaratish, chet eldagi banklar orqali ularni kreditlash mexanizmlari nazarda tutiladi.

Yigʻilishda belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlari, elchilar axborot berdi.

OʻzА

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali