Logo

Xizmat koʻrsatish sohasiga 1 trillion soʻmdan ziyod kredit resurslari ajratiladi

379 17-Iyun, 2020 Chop etish Yuklab olish (PDF 31 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-iyun kuni xizmat koʻrsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtalib, oxirgi paytda yurtimizda bu kasallikka chalinganlar soni oshgani, eng yomoni, aholi oʻrtasida ham koʻplab roʻy berayotganiga eʼtibor qaratdi.

Jumladan, Toshkent shahrida soʻnggi ikki haftada kasallangan 551 nafar fuqarodan 482 tasi aynan aholi orasidan aniqlangan. 57 holatda virusni yuqtirish manbai nomaʼlum qolayotgani afsuslanarli. Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ham shunday xavotirli holat kuzatilmoqda.

– Bularning barchasi koronavirus bilan bogʻliq vaziyat tobora murakkab tus olayotganini koʻrsatib turibdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bugun pandemiyaga qarshi kurashishda hushyorlik va masʼuliyatni oʻn karra oshiradigan yangi bosqich boshlanmoqda, desak toʻgʻri boʻladi. Qanchalik qiyin boʻlmasin, bu bosqichda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishimiz shart. Har bir ishimizni ehtiyotkorlik bilan, oqibatini puxta oʻylab, nafaqat oʻzimiz, balki oilamiz va farzandlarimiz oldidagi masʼuliyatni chuqur his etib bajarishimiz kerak. Aks holda, barcha saʼy-harakatlarimiz yoʻqqa chiqishi hech gap emas. Ishonchim komil, ancha bilim va tajriba orttirgan, bagʻrikeng va matonatli xalqimiz bu bosqichdan ham, albatta, munosib oʻtadi.

Respublika maxsus komissiyasiga oʻz faoliyatini qayta boshlayotgan korxona va tashkilotlar, bozor va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlari hamda sanitariya nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari orqali aholi va mehnat jamoalari orasida tushuntirish ishlarini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Aholiga xizmat koʻrsatadigan, ular bilan bevosita muloqotda boʻladigan barcha muassasalar xodimlarini koronavirus boʻyicha muntazam testdan oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Xizmat koʻrsatish sohasi aholi bandligini taʼminlashda eng katta zaxiralardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 35 foizni tashkil etadi. Xalqaro mehnat tashkiloti tahlillariga koʻra, servis industriyasining 1 foizga oʻsishi kambagʻallar sonini 1,5 foizga qisqartiradi.

Yigʻilishda soha salohiyatidan toʻla foydalanilmayotgani taʼkidlandi. Joylarda maishiy uskunalarni taʼmirlash ustaxonalari, kimyoviy tozalash shoxobchalari, kompyuter dizaynerligi, buxgalteriya, reklama, pullik tibbiy xizmat kabi tadbirkorlik subyektlari kamligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu xizmat koʻrsatish sohasida ish oʻrinlari yaratish boʻyicha juda katta imkoniyatlar borligidan dalolat beradi. Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur yoʻnalishda kamida 160 ming qoʻshimcha ish oʻrni yaratish mumkin.

Masalan, hozirgi kunda Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida axborot texnologiyalari sohasida yiliga 50 ming dollar eksport qiladigan va Top Talent reytingining eng yuqori 3 foiziga kiradigan 21 ta yosh frilanser dasturchi bor.

Davlatimiz rahbari shunday iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, aholining zamonaviy xizmatlarni oʻrganishiga sharoit yaratish muhimligini taʼkidladi.

Bosh vazir oʻrinbosariga hokimlar bilan birga har bir tuman va shahar kesimida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shu bilan birga, tarmoqni tartibga solish, undagi metodologiya va statistika maʼlumotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qoʻyildi.

Sohani rivojlantirish moliyaviy koʻmaksiz boʻlmaydi. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev xizmat koʻrsatish loyihalari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million dollar yoki 1 trillion soʻmdan ziyod kredit resurslari ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu mablagʻlar ham davlat, ham xususiy banklar orqali ajratiladi va kredit stavkasi 15 foizdan oshmaydi.

Hududlar rahbarlari bu imkoniyatdan samarali foydalanib, xizmat koʻrsatish sohasida koʻp ish joyi yaratadigan va tez amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirishi zarurligi taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yilgi bitiruvchilarni oʻqish va ishga jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Joriy yilda 451 mingdan ziyod yoshlar maktablarni va 188 ming nafari kollejlarni tamomladi. Bu yil qabul qamrovi kengaygani natijasida ularning 103 ming nafari oliy taʼlim muassasalariga va 90 mingtasi kollej-texnikumlarga oʻqishga kirganda ham, boshqalarining bandligini taʼminlash zarur. Shuningdek, 71 ming nafar talaba oliy oʻquv yurtlarini bitirdi.

– Qaysi hokim bu masalada bosh qotirib, bitiruvchilar bilan shaxsan uchrashdi? Yosh oʻgʻil-qizlarimiz ertaga qayerga va kimga ish soʻrab murojaat qiladi? Hududda ular uchun ish oʻrinlari zaxirasi shakllantirilganmi? – deya savollar qoʻydi davlatimiz rahbari.

Masalan, Surxondaryo viloyatida qariyb 2 ming nafar talaba pedagogika yoʻnalishlarini bitirmoqda. Ayni paytda Sariosiyo, Oltinsoy va Uzun tumanlaridagi qishloq maktablarida oʻqituvchilar yetishmaydi. Viloyat hokimi va sektor rahbarlari shu bitiruvchilar bilan uchrashib, ularni ishga yoʻnaltirishga yordam berishi kerakligi taʼkidlandi. Bosh vazir oʻrinbosarlariga olis hududlarga ishga boradigan yosh mutaxassislarni ragʻbatlantirish, ular uchun boshlangʻich yordam puli va uy-joy ajratish tizimini joriy etish boʻyicha topshiriq berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda "Ishga marhamat" mono-markazlari tashkil etish, yoshlarni kasbga va tadbirkorlik asoslariga oʻrgatish maskanlari hamda mahalla guzarlarida oʻquv kurslari ochish vazifasi qoʻyildi.

Maʼlumki, 8-iyun kuni Oʻzbekiston Prezidentining "Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari 24 tadan 67 taga oshirilib, ruxsat olish talablari va soliq toʻlovlari deyarli bekor qilindi. Bu bandlikni taʼminlash borasida katta resurs ekani taʼkidlab oʻtildi.

Markaziy bankka oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 300 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratish, Moliya vazirligiga tadbirkorlikni boshlayotgan ishsiz fuqaroga 3 oy mobaynida bino-inshootning ijara toʻlovi uchun subsidiya berish tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, bu sohada 200 mingdan ziyod aholini ish bilan taʼminlash mumkin. Shuningdek, turizmga xizmat qiluvchi umumiy ovqatlanish, transport, chakana savdo kabi yoʻldosh tarmoqlarda yana koʻplab ish joylari tashkil etiladi.

Buning uchun har bir hududda imkoniyat ham, sayohatchilar diqqatiga sazovor joylar ham yetarli ekani qayd etildi. Misol uchun, Yangiqoʻrgʻon tumanida 16 ta dam olish maskanini tiklash hisobiga 1 ming 500 nafar aholini, Boʻstonliqda 10 ming oʻringa moʻljallangan koʻchma dam olish maskanlari tashkil etish orqali 8 mingga yaqin kishini ish bilan taʼminlash mumkin.

Qolaversa, Oʻzbekistonning qadimiy shaharlaridagi sayyohlik imkoniyatlaridan ham toʻla foydalanilmayapti. Xalq orasida ularni bilmaydiganlar, koʻrmaganlar hali koʻp.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga vazirlik, idoralar va hokimliklar bilan birga yangi ichki turizm marshrutlari ochish, koʻchma dam olish maskanlarini koʻpaytirish, tibbiyot va sogʻlomlashtirish turizmini taraqqiy ettirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Hokimlar va sektor rahbarlariga sayyohlar boradigan barcha obyektlar, mehmonxona va ovqatlanish shoxobchalarida karantin qoidalariga qatʼiy amal qilinishini taʼminlash yuklatildi.

Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosarlari, soha mutasaddilari va hokimlar hisobot berdi.

Yigʻilishda tegishli rahbarlar jam boʻlganidan foydalanib, gʻalla hosili oʻrim-yigʻimiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Bahor oylarida yogʻingarchilik yaxshi boʻlgani, pandemiya sharoitiga qaramay moddiy-texnika resurslari, mineral oʻgʻitlar qoʻshimchasi bilan yetkazib berilgani uchun moʻl hosil yetishtirilgani qayd etildi.

Oʻrim-yigʻimni har yilgiga nisbatan ertaroq yakunlash uchun barcha imkoniyatlar borligi, buning uchun ishni toʻgʻri tashkil qilib, hosilni qisqa muddatda uyushqoqlik bilan yigʻishtirib olish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, gʻalla oʻrilgan maydonlarni peshma-pesh shudgorlab, takroriy ekinlar ekish boʻyicha topshiriqlar berildi.

OʻzA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali