Logo

Transport sohasidagi holat tanqidiy tahlil qilindi

422 29-Yanvar, 2020 Chop etish Yuklab olish (PDF 29 Kb)


Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni transport tizimini samarali tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Mazkur sohadagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, transport kommunikatsiyalarini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-fevraldagi farmoniga binoan Transport vazirligi tashkil etilgan edi.

Bu borada muayyan ishlar qilingan boʻlsa-da, mamlakatimizning transport-tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanilmayapti.

Xalqaro ekspertlarning xulosasiga koʻra, Oʻzbekiston tranzit salohiyatini hozirgi 7 million tonnadan 16 million tonnaga, 2030-yilda esa mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish evaziga 23 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud.

Jahon bankining logistika reytingida yurtimiz 163 ta davlat orasida 99-oʻrinda boʻlib, xalqaro tashuvlarni amalga oshirishning soddaligi boʻyicha 120-oʻrinda qayd etilgan.

Optimal tarif siyosati mavjud boʻlmagani sababli tranzit yuk oqimini jalb etish va mahalliy tovarlarni tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish imkoniyati cheklanmoqda.

Yigʻilishda tranzit siyosatini butunlay qayta koʻrib chiqish Transport vazirligining eng muhim vazifalaridan biri ekani taʼkidlandi.

Temir yoʻl tizimini tubdan isloh qilish, sohaga xususiy kapitalni keng jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Fuqaro aviatsiyasi sohasidagi holat ham tanqid qilindi. Milliy aviakompaniya negizida tashkil etilgan Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatlari mustaqil tashkilotlar sifatida faoliyatini toʻliq yoʻlga qoʻymagani sababli islohotlar natijasi koʻrinmayapti.

Shuningdek, oʻtgan yili 4 ta aeroportda "ochiq osmon" rejimi joriy etilib, "beshinchi havo erkinligi" oʻrnatilgan edi. Ammo hanuzgacha bironta ham xorijiy aviakompaniya jalb qilinmadi. Bu holat yoʻlovchilarning asosli eʼtirozlariga, boshqa xorijiy aviakompaniyalar xizmatidan foydalanishiga sabab boʻlmoqda.

Shu bois, Jahon bankining tavsiyalari asosida sohada olib borilayotgan islohotlarni toʻliq yakuniga yetkazish va raqobat muhitini yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Navoiy va Termiz xalqaro aeroportlarini yuk tashish xabiga aylantirish maqsadida "ochiq osmon" rejimini joriy etib, xorijiy yuk tashuvchi aviakompaniyalarni keng jalb qilish vazifasi belgilandi.

Yangi aviakompaniyalar faoliyati uchun sharoit yaratish va parvozlar geografiyasini yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Avtomobil va jamoat transporti sohasida ham muayyan kamchiliklar bor.

Aholiga qulay va sifatli avtotransport xizmati koʻrsatishni taʼminlash maqsadida yoʻnalishlar uchun ochiq tenderlar oʻtkazish, jamoat transportiga oid tarif va tartiblarni qayta koʻrib chiqib, raqamlashtirish lozimligi qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda avtomobil yoʻllarining holatini yaxshilash masalasiga ham toʻxtalib, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, tez fursatlarda Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Transport vazirligi huzuridagi nazorat organlarining ish uslubi eskicha ekani koʻrsatilib, ularning faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Mutasaddilar yigʻilishda qayd etilgan muammolarni hal etish va ustuvor vazifalarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali