Logo

Tashqi reklama ob'ektlari bo'yicha tadbirkorlar bilan uchrashuv

5787 16-Fevral, 2020 Chop etish Yuklab olish (PDF 2109 Kb)


O'zbekiston Savdo-sanoat palatasida 2020-yilning 14-fevral kuni "Tashqi reklama to'g'risida"gi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo'yicha huquqiy masalalar Ekspertlar kengashining – manfaatdor vazirlik va idoralar, reklama assotsiatsiyasi rahbariyati hamda OAV vakillari ishtirokidagi kengaytirilgan yig'ilish bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi olib borgan yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil (biznes ombudsman), Adliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi, Avtomobil yo'llari qo'mitasi, Toshkent shahar hokimligi, reklama Assotsiatsiyalari, reklama faoliyati bilan shug'ullanayotgan sub'ektlar, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi. 

Ochiq muloqot shaklida o'tgan uchrashuvda bugungi kunda tashqi reklama ob'ektlarini joylashtirish yo'nalishida vakolatli tashkilot va idoralar bilan tadbirkorlarning o'rtasidagi huquqiy munosabatlarning ayni kundagi ahvoli, uni yaxshilash omillari hamda bu borada yechimini kutayotgan muammolar muhokama qilindi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, tashqi reklama ob'ektlarini joylashtirish va qurish ishlari bugungi kunga qadar O'zbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan "Reklama to'g'risida"gi 723-I-sonli qonuni, bir qancha qonunosti xujjatlari va eskirgan me'yoriy-normativ hujjatlar talablari asosida amalga oshirib kelinmoqda. Ammo ushbu tizimda yagona tartib joriy etilmagan va tabiiyki, bu holat zamonaviy talablarga to'liq javob bera olmaydi.

Bugungi kunda, qonuniy faoliyat olib borayotgan reklama sub'ektlari bilan bir qatorda, noqonuniy ravishda tashqi reklama bilan shug'ullanuvchi "Tadbirkorlar", egasiz va ruxsatnomasiz bannerlar ham juda ko'pligi kuzatilmoqda.

Ayrim hollarda tashqi reklama ob'ektlarini umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari mintaqasiga joylashtirish harakat xavfsizligiga ham jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatayotganligi ta'kidlandi.

Yig'ilishda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarida tashqi reklama ob'ektlarini joylashtirish va qurish masalasi bo'yicha yillar mobaynida to'planib qolgan muammoli masalalar yechimi bo'yicha so'z bordi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi "Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 702-son qaroriga bugungi kunda qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritilayotganligi, reklama ob'ektlarini joylashtirish va qurish ishlari bo'yicha yangi tartib ishlab chiqilayotganligi bildirildi.

Shuningdek, Avtomobil yo'llari qo'mitasi tomonidan ham ayni paytda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarida tashqi reklama ob'ektlarini joylashtirish va qurish ishlariga oid yangi me'yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilayotganligi, mavjudlariga esa qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritilayotganligi to'g'risida tushuntirish berildi. Xalqaro ahamiyatdagi M-39 "Almati-Bishkek-Toshkent-Termiz" avtomobil yo'li Toshkent-Chinoz yo'nalishining ba'zi qismlarida joylashgan reklama ob'ektlarining olib tashlanish sabablari bo'yicha ham izoh berib o'tildi.

Ma'lumot o'rnida shuni ta'kidlab o'tish lozimki, bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi 342-sonli qarori bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo'llari mintaqasida xavfsizlikni ta'minlash va tashkil etish qoidalari talablariga zid ravishda o'rnatilgan reklama ob'ektlari salmoqli qismining joyi – berilgan pasportlarga nisbatan o'zgartirilganligi, avtotransport vositalarining harakatlanish qismiga noqonuniy ravishda yaqinlashtirib yoki yo'l o'qiga, shuningdek, yo'l chetiga (obochinaga), transport vositalarining to'xtash joylariga va piyodalar yo'laklariga o'rnatib olinganligi kabi holatlar yo'llarda harakat xavfsizligiga raxna solib, yo'llarda avtotransport vositalarining xavfsiz harakatlanishiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.


Tashqi reklama konstruktsiyalarining qoidaga xilof tarzda piyodalar yo'laklarida, yo'l bo'yidagi ko'kalamzorlashtirish hududlarida va avtomobillar to'xtashi uchun xizmat qiladigan yo'l chetlari(obochina)larda o'rnatilganligi, oqibatda transport vositalari haydovchilari uchun yo'lning ko'rish masofasini ta'minlashga to'sqinlik qilishi, shamol ta'sirida yo'lga ag'darilib tushishi yoki avtotransport vositalari ustiga qulab tushishi, noto'g'ri o'rnatilgan konstruktsiyalarning yuk avtotransport vositalari kuzov qismiga tegib harakatga halaqit berib xavf solishi va zarar keltirishi, sug'orish tizimini buzilishi hamda shunga o'xshash salbiy ta'sirlar  avtomobil yo'llarida sodir bo'layotgan yo'l-transport hodisalarida o'z aksini topmoqda. 









Bundan tashqari, avtomobil yo'llarining o'rtasiga o'rnatilgan reklama konstruktsiyalari yo'lning yoritish tizimiga halaqit berib, ularda elektr simlarining qisqa tutashuvlarini keltirib chiqarib, trasformatorlarni ishdan chiqishiga va buning natijasida yoritish tizimida uzilishlarga olib kelmoqda.



O'zbekiston Respublikasining "Avtomobil yo'llari to'g'risida"gi va "Yo'l harakati xavfsizligi to'g'risida"gi qonunlari bilan belgilangan normalarga zid ravishda xalqaro ahamiyatdagi tranzit yo'llarning qatnov qismining o'rtasida joylashgan reklama ob'ektlari harakat ishtirokchilarini e'tiborini chalg'itayotgani, piyodalar ishtirokida sodir etilayotgan yo'l transport xodisalarining asosiy omillaridan biri ekanligi qayd etilgan holda, ularning soni to'xtovsiz keskin oshib borayotganligi mahalliy va xorijiy transport kompaniyalari va haydovchilarning haqli e'tirozlariga sabab bo'lmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, tashqi reklama ob'ektlarini joylashtirish va qurish ishlari bo'yicha me'yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan mataxassislar fikri va xalqaro tajribani chuqur o'rganilmoqda. 

Zero, tashqi reklama konstruktsiyalari xalqaro ahamiyatdagi tranzit yo'llariga o'rnatilishi bo'yicha me'yoriy-huquqiy hujjatlardagi asosiy mezon – yo'l harakati xavfsizligini ta'minlashdir. Avtomobil yo'llarining asosiy vazifasi esa - transport vositalarining uzluksiz harakatlanishi uchun xizmat qilish, harakat ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash. Yo'llardan reklama ob'ekti sifatida foydalanish esa ushbu maqsadlar doirasiga kirmaydi. Reklamaning – haydovchilar e'tiborini chalg'itishi va alal-oqibat buning oqibatida ko'ngilsizlar sodir bo'lishiga – bizda ham, rivojlangan davlatlarda ham yo'l qo'yilmaydi. 

Avtomobil yo'llari qo'mitasi

matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali