Logo

Shavkat Mirziyoyev: Epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda karantin talablarini yumshatishni davom ettiramiz

1166 14-May, 2020 Chop etish Yuklab olish (PDF 33 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yana-da yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 13-may kuni videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari yigʻilish avvalida dunyoda pandemiya hali davom etayotgani, lekin qator davlatlar karantin cheklovlarini asta-sekin yumshata boshlaganini qayd etdi.

– Dunyo hamjamiyati koronavirusga qarshi vaksina va davolaydigan dori vositasi hali topilmagani sababli ushbu infeksiya mavjud boʻlgan sharoitda yashash va ishlashga oʻrganish zarurligi toʻgʻrisida yakuniy xulosaga kelmoqda. Biz ham epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda, karantin talablarini yumshatishni boshlaganmiz va buni bosqichma-bosqich davom ettiramiz.

Buni, eng avvalo, iqtisodiy faollikni tiklash orqali, aholining ishlashi va daromad olishini taʼminlash maqsadida amalga oshirmoqdamiz.

Bu borada oʻzimizdagi haqiqiy ahvol va xalqaro tajribani keng oʻrganyapmiz. Dastlabki tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, qayerda hokimlar butun masʼuliyatni oʻziga olib, chuqur oʻylab, odamlar bilan maslahatlashib, ish olib borayotgan boʻlsa, oʻsha joyda yaxshi natija bermoqda.

Lekin baʼzi joylarda berilgan erkinlikni notoʻgʻri tushunib, aholi, ayniqsa, yoshlar hech qanday zaruratsiz koʻchalarni toʻldirib yurgani kuzatilmoqda. Bunday holatlar hamda oxirgi kunlarda infeksiya yuqtirganlar soni yana oshayotgani hammamizni hushyor boʻlishga chaqirmoqda.

Umuman, koronavirus xavfi yoʻqolganidan keyin ham xalqimiz karantin paytidagi ayrim qoidalarni oʻzining odatiy turmush tarziga aylantirishi kerak. Jumladan, shaxsiy gigiyenaga qatʼiy amal qilish, qoʻlni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli toʻy-marosimlarni juda cheklangan tarkibda oʻtkazish, yuqumli kasal boʻlsa maska taqish odatiy qoidaga aylanishi zarur.

Bir haqiqatni barchamiz aniq tushunib olishimiz shart: pandemiya sharoitida biz joriy etgan yangi tizimning qanchalik samarali ishlashi faqat va faqat oʻzimizga bogʻliq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda pandemiyaga qarshi kurashish hamda karantin sharoitida aholi va korxonalarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Bu maqsadlarga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 3 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Shuningdek, iqtisodiy faollikni taʼminlash uchun umumiy qiymati 1 trillion soʻmdan ziyod boʻlgan yangi investitsiya loyihalari boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, 87 mingta tadbirkorlik subyektining jami 18 trillion soʻm, qariyb 2 million fuqaromizning 5 trillion soʻmdan ziyod bank kreditlarini qaytarish muddati uzaytirildi.

Oʻtgan oyning oʻzida 250 mingta tadbirkor va korxona, 83 mingta fermer xoʻjaligining jami 400 milliard soʻmlik soliq va boshqa toʻlovlarini toʻlash muddati kechiktirildi. Davlat mulkidan foydalanayotgan 11 mingdan ortiq tadbirkor ijara toʻlovidan ozod boʻldi.

Ehtiyot choralari taʼminlangan holda, karantin davrida ishlamagan 14 mingta sanoat korxonasidan hozirgi kunda 10 mingtasi oʻz faoliyatini qaytadan boshladi. Ularning 178 ming xodimi oʻz ish joyiga qaytdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birgalikda hozirgi kunda ishlamay turgan 4 mingta sanoat korxonasi muammolarini birma-bir oʻrganib, ularning faoliyatini may oyi oxirigacha yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.

Prezidentimiz pandemiya sharoitida avvalgi berilgan imtiyozlarga qoʻshimcha ravishda tadbirkorlar va aholini qoʻllab-quvvatlash davom ettirilishini taʼkidladi.

Birinchidan, kichik biznes va fermer xoʻjaliklariga ijtimoiy soliq stavkasi may-iyul oylarida 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Buning natijasida 260 mingdan ziyod korxona va fermer xoʻjaliklari jami 650 milliard soʻm mablagʻlarni tejagan holda, ularni sarmoya va aylanma mablagʻ sifatida ishlatish imkoniga ega boʻladi.

Ikkinchidan, kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar kelgusi uch oy davomida yer va mol-mulk soligʻidan ozod etiladi. Buning hisobiga 50 mingdan ortiq tadbirkor 300 milliard soʻmni tejaydi va ularning aylanma mablagʻi koʻpayadi.

Shuningdek, avvalgi qarorga asosan, aprel-may oylarida 1 mingdan ziyod tadbirkorning yer va mol-mulk soliqlari va penyalari boʻyicha kechiktirilgan 80 milliard soʻm toʻlovlari kechib yuboriladi.

Uchinchidan, tadbirkorlarga bojxona toʻlovlarini 120 kungacha kechiktirib toʻlashga ruxsat beriladi. Bu ularga jami 540 milliard soʻmni tejash hamda ushbu mablagʻlarni oʻz biznesini rivojlantirishga yoʻnaltirish imkonini beradi.

Toʻrtinchidan, ehtiyojmand oilalarni yana-da qoʻllab-quvvatlash maqsadida nafaqa oluvchi oilalar soni qoʻshimcha 70 mingtaga yoki 10 foizga koʻpaytirilib, byudjetdan yana 200 milliard soʻm ajratiladi.

Beshinchidan, ilgari stavkasi 22 foizgacha boʻlgan investitsiya kreditlari boʻyicha foizlar qisman davlat tomonidan qoplab berilgan boʻlsa, endi stavkasi 26 foizgacha boʻlgan kreditlarning foizlari ham qisman qoplab beriladi.

Shuningdek, tadbirkorlarga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 500 milliard soʻmgacha (ilgari 10 milliard soʻmgacha) berilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya miqdori 5 foizdan 10 foizga oshiriladi.

Oltinchidan, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida joriy qilingan aholiga yakka tartibda uy-joy qurish va taʼmirlash uchun kredit berish tajribasi Toshkent shahrida ham tatbiq etiladi. Shu orqali poytaxtda qariyb 10 mingta mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Yettinchidan, mahalliy korxonalarning mahsulotiga nisbatan ichki talabni oshirish va shu orqali ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat tashkilotlariga III-IV chorakdagi xaridlarini II chorakda amalga oshirish huquqi beriladi.

Umuman, iqtisodiyotni va fuqarolarni yana-da qoʻllab-quvvatlash uchun byudjetdan qoʻshimcha 2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Yigʻilishda yurtimizdagi epidemiologik vaziyat hamda hududlar rahbarlarining takliflaridan kelib chiqib, karantin talablarini yana-da yumshatish masalalari muhokama qilindi. Xususan, "yashil" va "sariq" hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy amal qilgan holda xizmat koʻrsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilandi.

Respublika komissiyasiga pandemiya qayta kuchaygan taqdirda vazirlik va idoralar bajarishi lozim boʻlgan birlamchi vazifalar belgilangan tartibni tasdiqlash topshirigʻi berildi.

Olis hududlarning poytaxtimiz bilan transport aloqasini tiklash juda dolzarb masala boʻlib turibdi. Shu bois Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni tiklash, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga "Afrosiyob" tezyurar poyezdi hamda Fargʻona vodiysiga poyezd qatnovini qayta yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, shaharlar ichida shaxsiy avtomobillar harakati boʻyicha cheklovlarni bekor qilish masalasi oʻrganilmoqda. Transport, Ichki ishlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklariga bular boʻyicha Respublika komissiyasiga taklif kiritish vazifasi qoʻyildi.

Maʼlumki, kasallik yuqishi xavfidan kelib chiqib, toʻlovlar naqdsiz shaklga oʻtkazilgan edi. Aholi, ayniqsa, pensionerlarning murojaatlarini hisobga olib, ish haqi, nafaqa va pensiyalar, karantin qoidalariga toʻliq amal qilgan holda, naqd pulda tarqatilishi belgilandi.

Toshkent shahri tumanlarida munosib ish joylari tashkil etish, uy-joylar qurilishini kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Videoselektor yigʻilishida karantin choralarini yumshatish, iqtisodiyot korxonalarini qayta tiklash borasidagi ishlar bu safar Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari misolida koʻrib chiqildi.

Mazkur ikki viloyatda mamlakatimiz aholisining qariyb 20 foizi istiqomat qiladi, sanoat mahsulotlarining 11 foizi ishlab chiqariladi.

Soʻnggi ikki haftada karantin talablari yumshatilishi natijasida Qashqadaryo viloyatida 90 foiz, Samarqand viloyatida 60 foiz korxonalar oʻz faoliyatini tikladi. Lekin aholini daromad bilan taʼminlash uchun bu yetarli emas.

Kambagʻal oilalar soni Qashqadaryoda 91 mingta, Samarqandda esa 48 mingtani tashkil etadi. Bu viloyatlarning har birida yuz mingdan ortiq ishsizlar bor.

Davlatimiz rahbari qiyinchilikka duch kelayotgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni ish bilan taʼminlash hudud rahbarlarining eng ustuvor vazifasi boʻlishi lozimligini taʼkidladi.

Qashqadaryo viloyatida sanoat ishlab chiqarish hajmining 75 foizi respublikaga boʻysunadigan korxonalarga toʻgʻri keladi. Kasbi, Qamashi, Mirishkor, Nishon va Chiroqchi tumanlarida sanoat deyarli yoʻq.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga viloyat hokimligi bilan birgalikda mazkur tumanlarda sanoatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Viloyatda yetishtiriladigan paxta tolasining atigi 42 foizi qayta ishlanishi qayd etilib, yangi tikuv-trikotaj korxonalari tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, oltingugurt, marganes, ferro-silitsiy, gips, dolomit va boshqa xomashyo zaxiralaridan talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Bugungi kunda Samarqand shahri aholisi 600 mingdan oshdi. Hozirgi uy-joy salohiyati va infratuzilma ehtiyojni qondira olmaydi. Shu bois shaharni Pastdargʻom, Nurobod, Samarqand tumanlari tomon kengaytirish, yangi mavzelar, "yoʻldosh shaharlar" barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yoʻnalish viloyat uchun yana bir oʻsish nuqtasi boʻladi, minglab ish oʻrinlari yaratiladi.

Samarqand viloyatida 120 ta noruda konlar mavjud boʻlib, ulardan 33 tasi sanoat yoʻli bilan oʻzlashtirishga jalb qilinmagan. Misol uchun, 5,1 million kub metr keramzit va pardozbop toshlar, 200 ming tonna ferro-silitsiyni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyati bor.

Mutasaddilarga mavjud konlarning muhandislik infratuzilma taʼminotini oʻrganib, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Sanoati orqada boʻlgan tumanlarni rivojlantirish, "Urgut" erkin iqtisodiy zonasining Nurobod tumanidagi qismini kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.

Viloyatdagi toʻqimachilik korxonalari 37 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin hozirda ularning atigi 48 foizidan foydalanilmoqda, xolos.

Shu bois, toʻqimachilik sanoati quvvatlarining ishlash darajasini oshirish, viloyatdagi 2 ta paxta-toʻqimachilik klasterida yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Oʻtgan yigʻilishdagi topshiriqqa muvofiq, Samarqand viloyatida hunarmandchilikning muayyan yoʻnalishlariga ixtisoslashgan 217 ta eski qishloq tarixi, mahalliy aholining azaldan shakllangan koʻnikmalari va "oʻsish nuqtalari" oʻrganildi. Bu tajribani boshqa hududlarda ham boshlab, aholi bandligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

Kattaqoʻrgʻon va Nurobod tumanlaridagi 1 ming 200 gektar lalmi va yaylov yerlarni Kattaqoʻrgʻon shahri aholisiga foydalanishga berib, 5 ming kishini ish bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari hukumat tarkibidagi oʻzgarishlar mohiyatiga ham toʻxtalib oʻtdi.

Bugun "Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida" Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan Bosh vazirga yangi vazifalar yuklatildi, uning oʻrinbosarlari oʻrtasida ham vazifalar qayta taqsimlandi.

Ijtimoiy sohaning ahamiyati ortib borayotgani bois Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. Bu lavozimga shu kungacha Davlat soliq qoʻmitasi raisi vazifasida ishlab kelgan Bekzod Musayev tayinlandi.

Davlat soliq qoʻmitasi rahbarligiga Prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari boʻyicha maslahatchisi Sherzod Qudbiyev tayinlangani maʼlum qilindi.

Yigʻilishda Samarqand va Qashqadaryo viloyati hokimlari, boshqa hudud va tarmoqlar rahbarlari belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan hisobot berdi.

OʻzA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali