Logo

Qozogʻiston – yaqin qoʻshnimiz, ishonchli hamkorimiz va qalin sherigimiz

1092 16-Aprel, 2019 Chop etish Yuklab olish (PDF 33 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 14-15 aprel kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻldi.

Oʻzbekiston mustaqillikning ilk kunlaridan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Qozogʻiston bilan oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirish yoʻlidan bordi. Xalqlarimiz nafaqat yaqin qoʻshni, balki qardosh sifatida koʻp qirrali hamkorlikning barcha masalalari boʻyicha azaldan bir-birlarini tushunib, qoʻllab-quvvatlab kelgan. Oʻtgan yillar davomida bu aloqalar yanada mustahkamlandi, mamlakatlarimiz yaxshi qoʻshni va oʻzaro manfaatli hamkor sifatida taraqqiyot yoʻlidan yelkama-yelka bormoqda.

Davlatlarimiz oʻrtasida strategik sheriklikni mustahkamlashda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning hissasi beqiyos.

Prezidentimizning ochiq va pragmatik siyosati, xorijiy davlatlar, avvalo, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari natijasida Oʻzbekiston – Qozogʻiston hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi.

Prezidentimizning 2017 yil 22-23 mart kunlari Qozogʻistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz munosabatlari rivojida tarixiy davrni boshlab berdi. Oʻsha yili 16-17 sentabr kunlari Qozogʻiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning mamlakatimizga davlat tashrifi oliy darajadagi muloqotlarning izchil davomi boʻldi.

Oʻtgan qisqa vaqtda ikki tomonlama aloqalarda ilgari kuzatilmagan yuqori natijalarga erishildi. Ikki davlat rahbarlarining muntazam uchrashuv va muloqotlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamladi.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning mazkur davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishda navbatdagi qadam sifatida ikki tomon uchun birdek manfaatlidir.

Tashrifning asosiy tadbirlari 15 aprel kuni boʻlib oʻtdi.

Koʻksaroy qarorgohida Qozogʻiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.

Shundan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev tor doirada uchrashuv oʻtkazdi.

Prezidentimiz Qozogʻiston Prezidentini Oʻzbekistonga tashrifi bilan qutlab, mazkur tashrif ikki davlat oʻrtasidagi muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini taʼkidladi.

Sizning Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti sifatida Oʻzbekistonga ilk davlat tashrifi bilan kelganingizni juda yuksak qadrlaymiz. Biz buni ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining yana bir asosi deb bilamiz. Qozogʻiston bizning yaqin qoʻshnimiz, ishonchli hamkorimiz va qalin sherigimizdir. Biz hech qachon bir-birimizdan ajralmaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qozogʻiston Prezidenti taklif uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor qilib, muzokaralar samarali oʻtishiga ishonch bildirdi.

Xalqlarimizning tarixi, dini, tili bir, oʻxshash madaniy qadriyatlarga ega. Siz, hurmatli Shavkat Miromonovich va Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlatlararo munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqdingiz. Bu surʼatni saqlab qolishni oʻzimning asosiy vazifam deb bilaman. Qozogʻistonda qardosh Oʻzbekiston bilan aloqalarga talab juda katta, dedi Qosim-Jomart Toqayev.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar barcha sohalarda izchil taraqqiy etmoqda. 1998 yilda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma, 2013 yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma oʻzaro hamkorlikka mustahkam asos boʻlmoqda.

Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston BMT, SHHT, MDH, IHT, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Qozogʻiston mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT shafeʼligida tashkil etilgan Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatladi.

Prezidentlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro ahamiyatga molik muhim masalalar yuzasidan fikr almashdi. Jumladan, ikki va koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy muomalada boʻlishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya va xalqaro xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa xavf-xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha birgalikda choralar koʻrishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari Afgʻoniston iqtisodiyotini qayta tiklash va ushbu mamlakat bilan uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini rivojlantirish, jumladan, transport kommunikatsiyalari, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirish zarurligini taʼkidladilar.

Oliy darajadagi muzokaralar chogʻida davlat rahbarlari Oʻzbekiston – Qozogʻiston hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi kengaytirilgan muzokarada mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratildi.

Qozogʻiston Oʻzbekistonning eng muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. Keyingi yillarda iqtisodiyotning yetakchi soha va tarmoqlarida jadallashgan aloqalar tufayli oʻzaro savdo hajmi 2018 yilda qariyb 50 foiz oʻsib, 3 milliard dollardan oshdi.

Tomonlar yaqin yillarda bu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazishga intilishini tasdiqladi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaga savdo aloqalari nomenklaturasini kengaytirish, iqtisodiy hamkorlikning yangi uzoq muddatli shakllarini topish va rivojlantirish vazifasi qoʻyildi.

Bu oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga, savdo, investitsiyalar, logistika sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, integratsiyalashgan sanoat texnoparklari, ilmiy-innovatsion klasterlar va erkin iqtisodiy zonalar tashkil etishga xizmat qiladi.

Tomonlar 2018 yil noyabr oyida Chimkent shahrida oʻtgan birinchi Oʻzbekiston – Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumi va 2019 yil martda Toshkent shahrida oʻtgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining birinchi mintaqaviy iqtisodiy forumi yakunlarini ijobiy baholadi.

Bugungi kunda yurtimizda Qozogʻiston kapitali ishtirokidagi 336 ta korxona va 16 ta kompaniya vakolatxonasi, Qozogʻiston hududida Oʻzbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 199 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Ular tomonidan savdo, transport-logistika va boshqa xizmatlar koʻrsatilib, qurilish materiallari hamda keng turdagi xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarilmoqda.

Mamlakatlarimiz avtomobil va temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchi tashishda samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bu muhim kommunikatsiya tarmogʻi uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini oʻtamoqda. Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududlaridan tashqi savdo yuklarini tashishda oʻzaro preferensiyalar va qoʻshimcha imtiyozlar joriy etilgani savdo hajmini sezilarli oshirish imkonini bermoqda.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston – Qozogʻiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish, shuningdek, oʻtkazish punktlarining samarali faoliyatini taʼminlash jarayoni muvaffaqiyatli davom etayotgani, bu ikki mamlakat chegaradosh hududlari aholisining turmush sharoitini salmoqli darajada yaxshilash, transchegaraviy iqtisodiy aloqalar va gumanitar almashinuvlarni jonlantirish, fuqarolarning oʻzaro tashriflarini faollashtirishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Tomonlar Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi doirasida mintaqa davlatlarining xalqaro tashkilotlar, moliya va ekologiya institutlari bilan Orol dengizi havzasida muayyan dastur va loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

Muzokaralarda transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning eksport salohiyati va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Qoʻshma bayonotni imzoladilar.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning turli sohalariga oid 10 ga yaqin hujjat imzolandi. Soliq rezidentligini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarni tan olish tartibi, Oʻzbekiston va Qozogʻistonda faoliyat yuritayotgan ikki mamlakat fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida bitimlar, "Markaziy Osiyo" savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini tashkil etish toʻgʻrisida memorandum va boshqa sohalarga oid kelishuvlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2019-2020yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan Qozogʻiston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifingda davlat rahbarlari muzokaralar anʼanaviy doʻstlik, oʻzaro hurmat, ishonch va ochiqlik ruhida oʻtganini, ikki tomonlama munosabatlarning muhim masalalari, oʻzaro manfaatli mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar muhokama qilinganini alohida taʼkidladilar. Tashrif chogʻida Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlar, imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz hamkorligini yangi sifat bosqichiga olib chiqishi qayd etildi.

Kunning ikkinchi yarmida Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi boʻlgan Mustaqillik va ezgulik monumentiga gul qoʻydi.

OʻzA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali