Logo

Qo'mita tomonidan brifing o'tkazildi

130 22-Noyabr, 2019 Chop etish Yuklab olish (PDF 525 Kb)


2019-yilning 21-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo'llari qo'mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun "Mamlakatdagi yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda avtomobil yo'llari tarmog'ini takomillashtirish borasidagi ishlar" mavzuida brifing o'tkaziladi.

O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo'llari qo'mitasiga – avtomobil yo'llari sohasida yagona texnik siyosatni olib borish, avtomobil yo'llari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash, avtomobil yo'llarining xalqaro tranzit yo'laklarini shakllantirish hamda boshqa vazifalar va faoliyat yo'nalishlari yuklatilgan.


O'zbekistondagi jami avtomobil yo'llar tarmog'i 184 ming kmdan ziyod uzunlikda bo'lib, undan 42.676 kilometri – umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari, 116.560 km - ichki xo'jaliklararo, qishloq, shahar va ovullarning avtomobil yo'llari, 24.750 km esa - idoraviy inspektorlik yo'llari tarmog'i hisoblanadi.

2019 yilning o'tgan 10 oyi davomida mamlakatimizning 9 477,5 km avtomobil yo'llarida qurish, qayta qurish, ta'mirlash va saqlash ishlari bajarildi. 

Jumladan, Investitsiya dasturiga asosan 202,6 kmlik umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarida hamda "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari asosida ichki yo'llarda, shahar ko'chalarida qurish, qayta qurish ishlari amalga oshirildi. 


2 384,2 km umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarida joriy ta'mirlash va saqlash (ekspluatatsiya) ishlari bajarildi.

Mintaqaviy avtomobil yo'llari holatini zarur darajaga keltirish orqali yo'l-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, ayniqsa, qishloq joylarda qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha ham sezilarli ishlar qilindi. Xususan, "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari asosida 6 890,7 kmdan ortiq ichki yo'llar ta'mirlandi.

Yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun qo'mita tizimidagi korxonalarning moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida 221 ta texnika va 9 ta asfaltbeton zavodlari xarid qilindi.


Yo'l xo'jaligi sohasiga yetuk malakali kadrlarni yetishtirish maqsadida Toshkent avtomobil yo'llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Belarus Respublikasining Belorussiya milliy texnika universiteti bilan 2019/2020 o'quv yilidan boshlab 4 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishlari asosida talabalarni qabul qilish jarayoni tashkil etildi. Bunda har bir ta'lim yo'nalishi bo'yicha 25 tadan talabani qabul qilish rejalashtirilib, talabalar 1-2-bosqichlarda Toshkent avtomobil yo'llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutida, 3- va 4-bosqichlarda Belorussiya milliy texnika universitetida o'qishi ko'zda tutilgan. 

Shu o'rinda 2019 yil yakuni bo'yicha kutilayotgan natijalar haqida to'xtaladigan bo'lsak, ta'kidlash lozimki, yil so'ngiga qadar 10 116,0 km avtomobil yo'llarida qurilish, rekonstruktsiya va ta'mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.


Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda umumiy qiymati 814,0 mln. AQSh dollari (shundan 599,0 mln. AQSh dollari ¬– xalqaro moliya institutlari, 215,0 mln. AQSh dollari – O'zbekiston Respublikasi ulushi) bo'lgan 4 ta loyiha, ya'ni: 

- Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida ¬– 198,0 mln. doll. evaziga "Qarshi-Shahrisabz" yo'nalishidagi avtomobil yo'lining 77 km qismini rekonstruktsiya qilish; 

- Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida ¬– 150,0 mln. doll. evaziga A-380 "G'uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu" avtomobil yo'lining 87 km qismini rekonstruktsiya qilish; 

- Saudiya taraqqiyot jamg'armasi va Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg'armasi ishtirokida – 51,0 mln. doll. hisobiga "4R87 "G'uzor-Chim-Ko'kdala" avtomobil yo'lining 35 km qismini rekonstruktsiya qilish; 

- Jahon banki ishtirokida – 200,0 mln. doll. evaziga Toshkent, Andijon, Farg'ona va Namangan viloyatlari mahalliy avtomobil yo'llarini rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Yuqoridagilardan tashqari – Germaniyaning "Papenburg" kompaniyasi bilan asfaltbeton mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma korxona tashkil etish, Xitoy Xalq Respublikasining "Kingdao Lefeng Interneyshnl Treyding" kompaniyasi bilan hamkorlikda, avtomobil yo'llarida yo'l chiziqlarini chizish uchun bo'yoqlar va termoplastlar ishlab chiqarish, Janubiy Koreya Respublikasining "Saris" kompaniyasi bilan yo'l jihozlari ishlab chiqarishni tashqil qilish bo'yicha ishlar olib borilmoqda.


Brifingda qo'mita vakillari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Avtomobil yo'llari qo'mitasi

Matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali