Logo

Oʻzbekistonga jadal islohotlar surʼatiga mos ilgʻor kadrlar kerak

424 19-Dekabr, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 25 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni mamlakatimizda zamonaviy kadrlarga ehtiyojni taʼminlash, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. 

Keyingi yillarda taʼlim tizimini takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Prezident qarori bilan 2017-2021 yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Joriy yilda mamlakatimizda 13 ta yangi oliy taʼlim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etildi. Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlari boshlandi.

Albatta, bunday eʼtibor yaqin kelajakda oʻz samarasini beradi. Lekin barcha sohalarda jadal islohotlar olib borilayotgan bir paytda mamlakatimizga shu surʼatga mos ilgʻor kadrlar bugun ham kerak. 

Hozirgi tizimli oʻzgarishlar jarayonida aksariyat mutaxassislarning bunga tayyor emasligi, ularning bilimi, malakasi va koʻnikmasi zamon talabiga javob bermasligi ayon boʻlib qoldi. 

Masalan, xorijda magistratura va doktoranturada oʻqitish, malaka oshirish va stajirovka tashkil qilish boʻyicha dastlabki ehtiyoj 3,5 mingdan ortadi. Yurtimizda xalqaro ilmiy va amaliy tajribaga ega 600 nafardan ziyod vatandoshimizga ehtiyoj mavjud. 1000 ga yaqin xorijiy olim va ekspertlarni jalb etishga talab bor. 

Yaʼni, bugun kechiktirib boʻlmaydigan, oddiy ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga ehtiyoj 5 mingdan ziyodni tashkil etadi. Agar ishlab chiqarishdagi talab ham inobatga olinsa, bu raqam kamida 50-100 barobar oshadi. 

– Bu hali bugungi ehtiyoj. Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan bizga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak boʻladi? Shuni hozirdan chuqur oʻylashimiz, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlar tarbiyalashimiz kerak. Kelajagimiz, ertangi kunimiz bu masalani bugun qanday hal qilishimizga bogʻliq, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 25 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha "El-yurt umidi" jamgʻarmasi tashkil etilgan edi. 

Jamgʻarma zimmasiga oʻzbekistonlik iqtidorli yoshlarni magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha oʻqitish, turli soha mutaxassislarining malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot oʻrnatish, ularni mamlakatimizda boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga jalb qilish, chet eldagi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qoʻmak berish vazifalari yuklatilgan. 

Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2019 yilda davlat byudjetidan 45 milliard soʻm ajratilishi rejalashtirilgan. Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, bu mablagʻ yanada oshiriladigan boʻldi. 

Yigʻilishda shu yoʻnalishdagi ishlarni toʻgʻri tashkil etish masalalari muhokama qilindi. 

Vazirlar Mahkamasiga "El-yurt umidi" jamgʻarmasi bilan birgalikda barcha vazirlik va idoralar kesimida xorijda kadrlar tayyorlash, stajirovkasini tashkil qilish boʻyicha "Yoʻl xaritasi" ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. 

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, "El-yurt umidi" jamgʻarmasiga kadrlarni xorijga yuborish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni aniqlash va tanlov eʼlon qilish boʻyicha topshiriq berildi. 

Jamgʻarma Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda xorijda katta tajribaga ega boʻlgan vatandoshlarimiz toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirib borishi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakatlar va mutaxassisliklar kesimida vatandoshlar toʻgʻrisida maʼlumotlar reyestrini tezroq ishga tushirishi zarurligi qayd etildi. 

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga jalb etilayotgan har qanday xorijiy investitsiyaning maʼlum bir qismini malakali mutaxassislar tayyorlashga yoʻnaltirish kerakligini alohida taʼkidladi. 

Yigʻilishda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish, ularning kasb malakasini uzluksiz oshirib borishga koʻmaklashish masalalari ham koʻrib chiqildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30 maydagi "Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorida vazirlik, idora va tashkilotlarda rahbar kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qoplash maqsadida tanlov oʻtkazish belgilangan edi. 

Tanlovning dastlabki bosqichidan soʻng 8 ming 334 talabgordan 3 ming 825 nafari keyingi bosqichlarga tavsiya etildi. Yakunda 50 nafar yuqori malakali kadr tanlab olinadi. 

Davlatimiz rahbari tanlovning final bosqichi ishtirokchilari malakasini qisqa muddatli kurslarda oshirish zarurligini taʼkidladi. Tanlov gʻoliblarining stajirovkasi qaysi rivojlanganmamlakatda, qaysi tashkilot va qanday mezonlar asosida oʻtkazilishini aniq belgilash boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Yigʻilishda qayd etilgan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglandi.

president.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali