Logo

Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi

334 4-Yanvar, 2019 Chop etish Yuklab olish (PDF 18 Kb)


Qadrli vatandoshlar!

Muhtaram doʻstlar!

Mana shu hayajonli, fayzli damlarda jonajon Oʻzbekistonimizga 2019 yil kirib kelmoqda.

Siz, azizlarni, koʻp millatli xalqimizni Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Barchangizga ulugʻ boylik boʻlgan oilaviy baxt va salomatlik tilayman.

Aziz yurtdoshlar!

2018 yilda barcha sohalarda xalqimizning fidokorona mehnati evaziga katta oʻzgarishlarni amalga oshirdik.

Zamonaviy korxonalar, uy-joylar, yoʻllar, koʻpriklar qurildi. Taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari barpo etildi.

Xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstlik va hamkorlik yanada kuchaymoqda.

Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini oshirish uchun salmoqli ishlar qilindi.

Buning natijasini bugun har bir inson va oila, har bir jamoa oʻz misolida koʻrmoqda. Eng muhimi, odamlarimizning ertangi kunga ishonchi ortmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, oʻtayotgan yil mamlakatimiz tarixida yorqin iz qoldirgan yil boʻldi.

Shu bois eski yilimizni shukronalik va rozilik bilan kuzatmoqdamiz.

Hurmatli doʻstlar!

Biz 2019 yilga Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili, deb nom berdik.

Faol investitsiyalar taraqqiyot uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ijtimoiy rivojlanish esa xalqimiz turmush darajasi va sifatini keskin oshirishga xizmat qiladi.

Biz yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni, millatlar va fuqarolar oʻrtasida totuvlikni taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Xalq bilan muloqotni yuqori bosqichga olib chiqamiz.

Tadbirkorlik va xususiy mulkni qoʻllab-quvvatlash ishlarini davom ettiramiz.

Diyorimizni yanada obod va koʻrkam qilish asosiy vazifamiz boʻlib qoladi.

Ehtiyojmand oilalar va yordamga muhtoj insonlarni himoya qilishga, aholi daromadlarini oshirishga eʼtiborni yanada kuchaytiramiz.

Muhtaram faxriylar, opa-singillarimiz va yoshlarimizga gʻamxoʻrlik koʻrsatish doimo diqqatimiz markazida boʻladi.

Ushbu fayzli oqshomda barcha davlat va xalqlarga, xorijiy doʻstlarimiz, hamkorlarimizga ezgu tilaklarimizni yoʻllaymiz.

Azizlarim, qadrdonlarim!

Xalqimizning barcha orzu-niyatlari ushalsin!

Farzandlarimiz, nabiralarimizning baxtu kamolini koʻraylik!

Goʻzal va betakror yurtimiz tinch-osoyishta, olijanob, bagʻrikeng xalqimiz hamisha omon boʻlsin!

2019 yilning qadami qutlugʻ kelsin!

Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali