Logo

O'zbekiston ShHT makonida savdo munosabatlarini rivojlantirish bo'yicha amaliy takliflar bildirdi

969 11-Iyun, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 171 Kb)


Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining keng doiradagi muzokaralarida ishtirok etdi.

Unda tashkilotga a'zo mamlakatlar bilan birga kuzatuvchi maqomidagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari qatnashdi.

Shavkat Mirziyoyev ShHT faoliyatini takomillashtirish, savdo va transport aloqalarini rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlashga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

"Joriy yil boshidan O'zbekistonning ShHTga a'zo davlatlar, uning kuzatuvchilari va sheriklari bilan savdosi hajmi o'ttiz foizdan ziyod oshdi. Lekin bu mavjud imkoniyatlarimizning cheki emas. 

Bizning fikrimizcha, tovar ayirboshlashni yanada o'stirish uchun eksport-import tartib-taomillarini soddalashtirish kerak. 


Shuningdek, biz davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida agrosanoat klasterlarini shakllantirish hamda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetkazib berishda "yashil yo'laklar" tarmog'ini kengaytirish tarafdorimiz", dedi davlatimiz rahbari.  

ShHT makonining transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi, bu borada "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi doirasida mintaqalararo transport loyihalarini amalga oshirish dolzarb ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi. 

Mamlakatimiz O'zbekiston – Qirg'iziston – Xitoy, Mozori Sharif – Hirot temir yo'llarini qurish, shuningdek, Markaziy Osiyo – Fors ko'rfazi, Shimol – Janub va Sharq – G'arb transmintaqaviy yo'laklarni rivojlantirish tarafdori ekani qayd etildi.

Prezidentimiz yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, muqobil energetika va zamonaviy tibbiyot sohalarida innovatsion dasturlar va loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari bo'yicha ham o'z takliflarini bildirdi.

president.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali