Logo

"kun.uz" saytida e'lon qilingan maqolaga munosabat

3979 5-Iyul, 2019 Chop etish Yuklab olish (PDF 27 Kb)


2019-yilning 29-iyun kuni "kun.uz" saytida "Eski tramvay yo'llarini ta'mirlash uchun "Avtoyo'l" pul olgan, ammo ishlarni bajarmagan" nomli maqola e'lon qilindi. Maqolada Toshkent shahar hokimligi tomonidan o'tkazilgan matbuot anjumanida shahardagi eski tramvay yo'llari ta'miri bilan bog'liq savolga shahar hokimi "Albatta, tramvay yo'llarini ta'mirlash 3 yil ilgari "Avtoyo'l" tashkilotiga tegishli bo'lgan. Puli ham olingan, lekin hozirgi holatda qolib ketgan", - deya bayonot berilgan. Bundan tashqari maqolada mazkur yo'llarning bugungi kunda foydalanishga qabul qilinmaganligi hamda yuzaga kelgan ahvol uchun javobgarlik masalalari ham ko'tarilgan.

Maqolada tilga olingan masalalar bo'yicha Avtomobil yo'llari qo'mitasi "Toshkent shahar mintaqaviy yo'llarga buyurtmachi xizmati" DUK tomonidan quyidagicha munosabat bildiriladi:

Maqolada aytilgan, uch yil ilgarigi – Toshkent shahar ko'chalarini ta'mirlash masalasi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 6-iyundagi 134-sonli yig'ilish bayoni qarori bilan qabul qilingan bo'lib, unda ta'mirlanishi kerak bo'lgan 29 ko'cha nomma-nom belgilab berilgan. Qarorda mavjud tramvay yo'llari ko'chirib olinishi munosabati bilan avtomobil yo'llarida rekonstruktsiya ishlarini olib borish bo'yicha buyurtmachi etib – Toshkent shahar hokimligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi, loyihachi – "ToshkentboshplanLITI" instituti, pudratchi etib esa xususiy korxonalar tayinlangan. Bu degani – buyurtmachi ham, loyihachi ham, pudratchi, ya'ni ta'mir ijrochisi ham, deyarli yuz foiz shahar hokimligi zimmasida bo'lgan. 

Endi ta'mir ijrochilari kim, degan savol tug'ilmasligi uchun izoh berib o'tamiz. E'tiborli tomoni shundaki, yuqorida qayd etilgan, ta'mirlanishi ko'zda tutilgan 29 ko'chaning 28 tasini ta'mirlash va rekonstruktsiya qilish – turli mulkchilik shaklidagi mas'uliyati cheklangan jamiyatlar va xususiy korxonalarga aynan poytaxt hokimligi tomonidan taqsimlab berilgan bo'lib, bu korxonalar faoliyatiga maqolada tilga olingan – sobiq "O'zavtoyo'l" DAKning hech qanday aloqasi yo'q.

Xususan, maqolada misol tarzida aytib o'tilgan Lutfiy ko'chasini, bundan tashqari Bunyodkor ko'chasining "Sovplastital" qo'shma korxonasigacha hamda So'galli ota, Al-Xorazmiy, Katta Xirmontepa, Ilonli, Farhod ko'chasi bo'ylab Sakkokiy ko'chasigacha bo'lgan qismini ta'mirlash ishlari – aynan hokimlik tavsiyasiga ko'ra, sobiq "O'zavtoyo'l" DAK korxonalariga emas, balki "Faxriddin Fayz Servis" MChJga topshirilgan. Qolgan ko'plab ko'chalar ta'miri ham shu kabi turli mulkchilik shakllariga ega bo'lgan – "Omega Bilding Grupp", "EURO GLOBAL ASPALT" MChJlari, shahar hokimligi boshqaruvidagi "Toshkent shahar yo'l qurilishi va ta'mirlash tresti" AJ, "Ko'prik qurilish tresti"qoshidagi "13-ko'prik qurilish otryadi" hamda "67-ko'prik qurilish otryadi" kabi va boshqa korxonalarga taqsimlangan.

"Pudratchi" etib belgilangan Avtomobil yo'llari qo'mitasi tarkibida bo'lgan atigi bitta korxona, ya'ni "Avtomagistral" unitar korxonasi o'ziga biriktirilgan ob'ekt ta'mirini muddatida bajargan. Shunga qaramasdan, ya'ni 2016-yildan shu kunga qadar mazkur korxona bajargan ishlari uchun "Buyurtmachi" hisoblangan – Toshkent shahar hokimligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" IK tomonidan berilishi kerak bo'lgan shartnomadagi mablag'ni to'liq olgani yo'q. 

Uch yil davomida yuzaga kelgan qarzdorlikning bartaraf etilishi yuzasidan qo'mita va uning tizimidagi tashkilot tomonidan Toshkent shahar hokimligiga bir necha o'nlab marotaba xatlar yuborilgan. Ammo ularning birortasiga – ijro intizomiga zid o'laroq, poytaxt hokimligi nomidan biror marta ham javob qaytarilmagan.

Yuqoridagilardan shu narsa anglashiladiki, matbuot anjumanida shahar hokimligi rahbarlari tomonidan, go'yoki sobiq "O'zavtoyo'l" kompaniyasi tomonidan majburiyat olingani va uning bajarilmagani to'g'risida qilingan da'volar – na huquqiy, na iqtisodiy tomondan hech qanday asosga ega emas.

Shu o'rinda, maqolada tilga olingan, foydalanishga qabul qilinmagan yo'llar va buning uchun javobgarlik masalasida bir savol tug'iladi. Basharti javobgarlikka tortilishi lozim bo'lsa, bunday choralar – ta'mir ishlarida ham buyurtmachi, ham loyihachi sifatida qatnashgan shahar hokimligi tasarrufidagi korxonalarga, "pudratchi" hisoblanmish – turli MChJlarga nisbatan qo'llanilishi lozimmi yoxud maqolada ta'kidlab o'tilganidek, o'sha paytda – na ob'ektni taqsimlagan, na ular ustidan nazorat o'rnatish vakolatiga ega bo'lgan "O'zavtoyo'l" korxonalari rahbariyatigami?.. Huquqiy javobgarlik ham, mas'uliyat ham – aynan hokimlik va uning tasarrufidagi tashkilotlar zimmasida bo'la turib, "do'ppi tor kelganda", uni boshqalarga ag'darish – eng kamida mas'uliyatsizlikdir.

Matbuot anjumani tafsiloti keltirilgan maqoladagi shahar rahbariyati bayon qilgan yana bir masalaga diqqat qaratmoqchimiz. Haqiqatan ham, Prezidentimizning Uchtepa tumaniga qilgan tashrifi natijasida Dastur qabul qilinib, ulkan ko'lamdagi vazifalar belgilab olindi. Poytaxt ko'chalarini joriy va to'la ta'mirlash bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Yil oxiriga qadar esa, o'nlab ko'chalar, shu jumladan, Lutfiy ko'chasi ham to'liq ta'mirlanadi. Izoh berib o'tmoqchimizki, endilikda qilinayotgan yo'llar ta'miri – shahar hokimligi va uning tasarrufidagi korxonalar tomonidan emas, balki Avtomobil yo'llari qo'mitasi korxonalari tomonidan amalga oshirilmoqda. 

Maqoladagi – shahar ko'chalarini ta'mirlash uchun Respublika byudjetidan ajratilayotgan 50 milliard so'mlik mablag' masalasi bo'yicha ayrim e'tiborga molik nozik jihatlarni ham tilga olishni joiz deb bildik. Gap shundaki, haqiqatan ham Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-iyunda bo'lib o'tgan 39-sonli majlisi bayoni qarorida Uchtepa tumani ko'chalarini ta'mirlash maqsadida Respublika byudjetidan 50 mlrd. so'mlik mablag' ajratilishi ko'zda tutilgan. Lekin Toshkent shahar hokimi tomonidan joriy yil 24 iyunda imzolangan 895-sonli qaror bilan – 50 milliard so'm emas, balki 20 (!) milliard so'm mablag' ajratilishi belgilangan. Shu o'rinda ko'p emas, ikkita savol tug'iladi.

Birinchidan, shahar hokimligi nima uchun 50 milliard so'm emas, balki 20 milliard so'm ajratmoqda? Qolgan 30 milliard so'm mablag' qaerga ketmoqda?

Ikkinchidan, bugun ko'chalar ta'miriga, deya ajratilgan 50 milliard so'mni 20 milliardgacha kamaytirib, ya'ni mablag'ni to'liq va to'g'ri ajratmayotgan shahar hokimligi  oradan uch-to'rt yil o'tgach, yana xuddi bugungidek – "Biz mablag'ni Avtomobil yo'llari qo'mitasiga berganmiz, qolganini ulardan so'rang", – deya bayonot bermasligiga kafolat bormi?

Xulosa qilib aytganda, shahar hokimligi rahbariyatidan – ko'tarilgan masala mohiyatini to'g'ri anglagan holda, javobgarlikni boshqa tashkilotlarga yuklamasdan, avvalgi, jumladan, uch yil oldingi yuridik hujjatlar bilan chuqurroq tanishib, mohiyatni chuqurroq anglab, undan keyin aniq ma'lumotlar asosida bayonotlar berishni iltimos qilamiz...

Avtomobil yo'llari qo'mitasi va uning tizimidagi korxona va tashkilotlar esa o'z navbatida, mamlakatning barcha hududlarida – Vatan ravnaqi, yurt obodligi, odamlar roziligi kabi ulug' maqsadlar kun tartibda turgan bir davrda – u poytaxtda bo'ladimi yoki Respublikaning boshqa hududlarida bo'ladimi, o'z amaliy ishlari hamda sadoqatli mehnati bilan bunyodkorlikka hissa qo'shishga mudom tayyor! 

"Toshkent shahar mintaqaviy yo'llarga 

buyurtmachi xizmati" DUK

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali