Logo

Korruptsiya - milliy xavfsizlikka tahdid

1054 31-Iyul, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 21 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasida – korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Respublika idoralararo komissiyasining 2018-yil 7-iyundagi yig'ilishi yakuni bo'yicha 4-sonli yig'ilish bayoni ijrosi yuzasidan "Korruptsiya-milliy xavfsizlikka tahdid" mavzuida seminar tashkil etildi.

Qo'mita markaziy apparati, tizim tarkibidagi Toshkent shahrida joylashgan korxona va tashkilotlar xodimlari hamda selektor orqali Respublikadagi barcha hududiy bosh boshqarmalar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda – O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakillari ma'ruza bilan qatnashishdi.

Tadbir jarayonida 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan "Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi qonun sohadagi huquqiy munosabatlarni to'liq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korruptsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini ko'tarishga, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korruptsiyaning har qanday ko'rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi alohida qayd etildi.

Tadbir davomida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi "Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-2752-son qarori bilan tasdiqlangan – 2017-2018-yillarga mo'ljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Davlat dasturining Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasidagi ijrosi tahlil qilindi.

Shu bilan birga, korruptsiya jinoyatining vujudga kelish tarixi to'g'risida, jumladan, korruptsiya – bu mansabdor shaxslar faoliyati bilan bog'liq jinoyat ekanligi, korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Singapur davlatining olib borgan tajribasi alohida muhim ahamiyatga ega ekanligi, korruptsiyaning oldi olinishi natijasida ushbu davlat rivojlangan davlatlar qatoridan o'rin olganligi ta'kidlanib, korruptsiyaga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri – har qanday sohada, tizimda korruptsiya holatlarning vujudga keltiruvchi shart-sharoitlarga barham berilishi kerakligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir davomida yo'lsozlar huquq-tartibot organlari vakillaridan soha bo'yicha o'zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. 

Seminarda kelgusida davlatimiz ravnaqi uchun har bir O'zbekiston fuqarosi mas'ul ekanligi, korruptsiyaga qarshi kurashish – butun bir millat zimmasidagi mas'uliyat ekanligini anglab, milliy davlatchiligimiz ravnaqi uchun barcha sidqidildan mehnat qilish lozimligi ta'kidlab o'tildi.

Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi 

matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali