Logo

Germaniya kompaniyasi rahbari bilan uchrashuv

1008 13-Mart, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 338 Kb)


Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasida – qo'mita raisi A.Abduvaliev hamda Germaniyaning "GP Papenburg AG" kompaniyasi boshqaruvi raisi Gyunter Papenburg o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi. 

Uchrashuv mamlakatimiz Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi "O'zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risi"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Mazkur qarorda – asfalt qorishtiruvchi uskunalar va ularning ehtiyot qismlari ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma korxona tashkil etish, shuningdek, "GP Papenburg AG" kompaniyasining O'zbekiston avtomobil yo'llari qurilishida davlat-xususiy sherikchiligi shartlari asosida ishtiroki imkoniyatlarini o'rganish kabi vazifalar ko'zda tutilgan edi. 

Muzokarada "Teltomat" asfalt qorishtiruv zavodlarini ishlab chiqarish va ta'mirlash hamda asfalt-beton qoplamalarni regeneratsiya qilish bilan shug'ullanuvchi qo'shma korxona tashkil etish masalalari muhokama qilindi. 


Uchrashuv davomida Germaniya kompaniyasi rahbari – uning korxonasi "Teltomat" zavodlarini modernizatsiya qilishga ixtisoslashgan maxsus dasturlarga ega ekanligini hamda asfalt qorishtiruvchi zavod majmualarini yig'ish bo'yicha o'zbekistonlik mutaxassislarni Germaniyada qayta o'qitishga tayyor ekanliklarini ta'kidladi. 

Muzokaralar konstuktiv va do'stona ruhda o'tdi. 

Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi

matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali