Logo

Buxoro – Miskin temir yo'li ochildi

462 2-Dekabr, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 24 Kb)


Bugun odam yursa oyog'i, qush uchsa qanoti kuyadigan Qizilqum cho'li insonning bukilmas matonati, azmu shijoati oldida yana bir bor taslim bo'ldi. Bu yerda qariyb 350 kunda 350 kilometrdan ziyod cho'l bag'ri yorib o'tilib, yangi temir yo'li bunyod etildi. 

Sir emas, yurtimizning dengiz yo'llaridan olisda joylashgani milliy iqtisodiyotning o'sishi, mahsulotlar raqobatbardoshligini ta'minlashga to'sqinlik qilayotgan jiddiy omillardan biri sanaladi. Ayni paytda Yevropa va Osiyo mamlakatlari o'rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning tobora rivojlanayotgani natijasida qadimiy Buyuk ipak yo'lini qayta tiklashga e'tibor kuchaymoqda. Eng asosiysi, xalqimizning transport xizmatlariga bo'lgan talabi oshib borayotgan hozirgi davrda zamonaviy talablarga hamohang transport infratuzilmasini yaratishni hayotning o'zi taqozo etmoqda. 

2016-yil dekabr oyida qurilishi boshlanib, shu yil sentabr oyidan ishchi poyezdlari qatnovi yo'lga qo'yilgan Buxoro – Miskin temir yo'lining foydalanishga topshirilishi mamlakatimizda transport kommunikatsiyasi oldida turgan mana shunday masalalarga yechim topish yo'lida olib borilayotgan islohotlarning yana bir amaliy ifodasiga aylandi. 

Yangi temir yo'lning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan Qoraqalpog'iston Respublikasining Miskin maskanida tantanali marosim bo'lib o'tdi. Tadbirda "O'zbekiston temir yo'llari" aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari, ishchilar, muhandis-texnik xodimlar, soha faxriylari, jurnalistlar qatnashdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 10-11-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog'ida ushbu loyiha bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish bo'yicha muhim tavsiyalar bergan edi. 

Temir yo'l qurilishi Buxoro viloyatining Buxoro tumani va Qoraqalpog'iston Respublikasining Miskin maskanida bir paytning o'zida boshlandi. Ishning yaxshi tashkil etilgani samarasida umumiy uzunligi 355 kilometr bo'lgan temir yo'l liniyasida loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. 

Qurilish davomida qariyb 22 million kub metrlik tuproq ishlari bajarildi. 121 sun'iy inshoot, 12 ko'prik va 6 yo'l o'tkazgich, 5 stansiya va 5 razyezd barpo etildi. Bunyodkorlik ishlariga 2 mingga yaqin ishchi-mutaxassis, mingdan ziyod qudratli zamonaviy texnika va mexanizmlar jalb etildi. Mustaqillik yillarida barpo etilgan Sulton Uvaystog' – Nukus, Toshguzar – Boysun – Qumqo'rg'on, Angren – Pop temir yo'l liniyalari qurilishida mamlakatimizning ulkan texnik imkoniyati bilan birga, ishchi-mutaxassislarning katta salohiyati ham namoyon bo'lgan edi. Ana shu loyihalarda orttirilgan tajriba Buxoro – Miskin liniyasini bunyod etishda alohida ahamiyatga ega bo'ldi. 

Hozircha bu yo'lda yuk poyezdlari harakatlanadi. Bu esa mazkur hududdagi qazilma boyliklarini o'zlashtirish, ulardan samarali foydalanish va shu bilan birga yangi ishlab chiqarish korxonalarini ochishga xizmat qiladi. 

Shu paytga qadar Toshkent shahridan Urganchga qatnovchi poyezdlar Navoiy – Uchquduq – Miskin magistrali orqali 1064 kilometr yo'l bosgan bo'lsa, endilikda bu masofa qariyb 100 kilometrga qisqardi. Bu vaqt, yoqilg'i va boshqa xarajatlarni tejash imkonini beradi. 

Mazkur temir yo'lning ikkinchi bosqichida elektrlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Elektrlashtirish ishlari nihoyasiga yetgach, mazkur liniya Toshkent – Samarqand – Navoiy – Buxoro – Urganch yo'nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovini yo'lga qo'yishda muhim bo'g'in vazifasini o'taydi. 

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari – "O'zbekiston temir yo'llari" aksiyadorlik jamiyati raisi A.Ramatov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi M.Erniyazov, Xorazm viloyati hokimi I.Sobirov, Buxoro viloyati hokimi O'.Barnoyev so'zga chiqdi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali