Logo

Birdamlikka intilish — xalqimizga xos qadriyat!

7412 25-Avgust, 2014 Chop etish Yuklab olish (PDF 28 Kb)


"O'zavtoyo'l" davlat-aktsiyadorlik kompaniyasida Kompaniya ijro apparati, Kompaniyaning ma'muriy binodan foydalanish direktsiyasi, Avtomobil yo'llari ilmiy tekshirish instituti, "O'zyo'lbutlash" birlashmasi xodimlari ishtirokida "Mustaqillikning qadri bebaho" mavzuida ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi."O'zavtoyo'l" davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi Bosh boshqarmasi boshlig'i J.Tursunov tadbirni ochib, yig'ilgan xodimlar va mehmonlarni yurtimizning eng ulug', eng aziz bayrami — Mustaqilligimizning 23 yilligi bilan tabrikladi hamda shu kunlarda mamlakatimizda bayram shukuhi kezib yurganligini, shu bayram sanasi bahonasida esa joylarda uning qadr-qimmati mulohaza qilinayotganligini ta'kidladi.

Shundan so'ng kun tartibidagi asosiy masala bo'yicha Respublika Milliy g'oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi direktori o'rinbosari, falsafa fanlari nomzodi Sh.To'raev ma'ruza qildi.

— Biz Mustaqillikning qadriga yetish haqida ko'p gapiramiz-u, ammo ba'zan uning tub mohiyatiga ko'pam yetib boravermaymiz, — dedi ma'ruzachi yig'ilganlarni Mustaqillik bayrami bilan tabriklar ekan. — Zero, uning mohiyatiga yetib borish uchun biz eng avvalo "Kim edigu, kim bo'ldik" degan savolga javob izlab ko'rishimiz, qolaversa, boshimizni balandroq ko'tarib, atrofimizga teranroq nazar tashlashimiz kerak. Shundagina biz har kunimiz kechagi kunimizdan farovonroq, nurliroq bo'lib borayotganligini anglaymiz, shundagina atrofimizdagi boshqa xalqlar bilan bo'ylashganda yutuqlarimiz ancha yuqorilab ketganligini tushunib yetamiz. To'g'ri-da, hamma narsa solishtirilgandagina yorqinroq namoyon bo'ladi. Agar biz yer yuzidagi 1,3 milliard odamning maoshi 1 AQSh dollaridan past ekanligini, 1,5 milliard odam rasman qashshoq deb e'tirof etilishini, milliardlab odam ochlik va tashnalikdan uxlay olmayotganligini, yuz millionlab odamlar biron bir daydi o'qqa to'g'ri kelib qolmaslik xavotiri bilan yashayotganligini his etsakkina dasturxonimiz nechog'li to'kin-sochin, turmushimiz naqadar farovon ekanligini, uyqumiz qanchalik oromli, kunlarimiz qanchalik xotirjam ekanligini tushunib yetamiz.Ma'ruzachi keyingi paytda arab davlatlarida yuzaga kelgan muammolar, Ukrainada yuz berayotgan bosh-boshdoqliklarning sababini tahliliy o'rgangan mutaxassis sifatida o'z mulohazalari bilan o'rtoqlashib, u yerdagi holatni jonli misollar bilan gapirib berdi. Yurt tinchligining naqadar ulug' va bebaho ne'mat ekanligini xorijda urush ichida qolib ketgan bir yurtdoshimizning e'tiroflari bilan, yarim tungacha kechikkan o'z farzandini behalovat kutgan otaning ko'nlidan kechirgan tuyg'ulari misolida tushuntirdi. Ayniqsa o'z yurtidagi notinchlik paytida yurtimizda panoh topgan bir otaxonning O'zbekiston va uning yurtboshisi shahniga aytgan duolari yig'ilganlarni to'lqinlantirib yubordi.

Xalqimizning eng katta yutug'i birdamlikda, dedi jumladan ma'ruzachi, zero o'zbek xalqi hech qachon o'zi uchun yashamaydi — u bola-chaqam, ota-onam, yaqinlarim deb kuyib-pishadi. Xalqimizda ana shunday qadriyatlarning saqlanib qolganligi tufayli ham bugun butun dunyo bizga havas bilan qaramoqda.Ana shunday juda jonli va ta'sirli ma'ruza nihoyasida ma'ruzachi yig'ilganlarni yana bir bor Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, endi uni shunchaki emas, yurakdan o'tkazib sevishga va qadrlashga chaqirdi.

Tadbir so'ngida Kompaniyaning tajribali xodimlaridan biri, Avtomobil yo'llaridan foydalanish boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari F.Rajabov tabrik so'zi olib, jumladan ma'ruzachiga hayajonli va foydali suhbati uchun jamoa nomidan o'z minnatdorchiligini bildirdi.

"O'zavtoyo'l" DAK Matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali