Logo

Avtomobil yo'llaridagi ko'kalamzorlashtirish sur'atlari

2672 6-Aprel, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 498 Kb)


Avval xabar berganimizdek, 2017-yilning 11-sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Avtomobil yo'llarining arxitektura-lanshaft qurilishi va ko'kalamzorlashtirish tizimini takomilashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori imzolangan edi. 

Mazkur qarorda avtomobil yo'llaridagi qurilmalarning me'moriy-badiiy sifatini tubdan oshirish, Respublikamiz avtomobil yo'llari bo'ylaridagi ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini – yo'l harakati xavfsizligi hamda atrof-muhit muhofazasi masalalarining zamonaviy talablariga javob bergan holda, yagona tizimli va kompleks asosda shakllantirish sifatini tubdan oshirish masalalari ko'zda tutilgan.


Qaror ijrosi yuzasidan, Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasining 2017-yil 12-sentyabrdagi buyrug'iga asosan "O'zyo'lko'kalamzorlashtirish" unitar korxonasi  va uning viloyatlardagi hududiy "Yo'lko'kalam" unitar korxonalari tashkil etildi. Tashkil topganiga uncha ko'p bo'lmagan mazkur korxonalar tomonidan joriy 2018 yilning boshidan buyon samarali ishlar yo'lga qo'yildi.


Prezident qarorida 2018-yil uchun respublika umumfoydalanish avtomobil yo'llari bo'ylaridagi chegara hududlariga 288 ming dona xar xil turdagi manzarali, butasimon, igna bargli, baland va o'rta bo'yli daraxt ko'chatlari ekilishi belgilab qo'yilgan edi. 2018 yilning I choragi davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi mavjud umumfoydalanish avtomobil yo'llari chegarasiga tutash yo'l bo'yi hududlarida 505,1 km uzunlikda ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari olib borildi va 230 ming donaga yaqin nihollar ekildi.

Jumladan, Andijon viloyatida - 15,5 km, Farg'ona viloyatida - 39 km, Namangan viloyatida - 136 km, Toshkent viloyatida - 8 km, Sirdaryo viloyatida - 141 km, Jizzax viloyatida - 13 km, Samarqand viloyatida - 19 km, Qoraqalpog'iston Respublikasida - 13 km, Qashqadaryo viloyatida - 22 km, Surxondaryo viloyatida - 12 km, Navoiy viloyatida - 18 km, Buxoro viloyatida - 48 km, Xorazm viloyatida - 22 km uzunlikdagi yo'llarda ko'kalamzorlashtirish ishlari bajarildi. 


Ushbu maqsadlar uchun joriy yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasi tomonidan 50 mlrd. so'm ajratilishi rejalashtirilgan bo'lib, amalda I chorakning o'zida 29,5 mlrd. so'mlik ishlar bajarildi.

Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi

matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali