Logo

Afg'oniston Prezidenti bilan uchrashuv

1042 10-Iyul, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 19 Kb)


Afg'oniston Islom Respublikasida amaliy tashrif bilan bo'lib turgan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi Hukumat delegatsiyasi 2018-yil 8-iyul kuni "Arg" saroyida Prezident Muhammad Ashraf G'ani tomonidan qabul qilindi.

Suhbat avvalida vazir O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston rahbariga iliq salom va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Bo'lib o'tgan suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, avvalo Afg'oniston Prezidentining 2017-yil dekabr oyida O'zbekistonga rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni tadbiq etish jarayoni muhokama qilindi. Shu o'rinda yirik qo'shma investitsiya, transport-kommunikatsiya, savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ko'rib chiqildi.

Uchrashuvda Termiz shahrida Afg'oniston konsulxonasini ochishga O'zbekiston roziligi tasdiqlandi.

Shuningdek, Afg'oniston va chegaradosh mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

2018-yil mart oyida Afg'oniston bo'yicha Toshkent xalqaro konferensiyasida ishtirok etgan va batafsil nutq so'zlagan Prezident Muhammad Ashraf G'ani o'z mamlakatida tinchlik jarayoniga ko'maklashishga qaratilgan faol sa'y-harakat uchun O'zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.

Suhbatda O'zbekiston-Afg'oniston kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko'rib chiqildi.

mfa.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali